11-aprel kuni autodeklarant Telegram-kanalida Piskent poligonida avtomobillar qanday tartibda tekshirilishga oid videoni e’lon qildi.

“Ko‘rib turganingizdek ichkarida hech nima tekshirilmaydi va vaqt o‘tkazib chiqarib yuboriladi. Balki bozori yaxshi avtomobillar haqiqatdan kuchli tekshiruvdan ham o‘tkazilsa kerak. Texnik tartibga solish agentligidan hech qaysi avtomobil importchisi himoyalanmagan, ular xohlashsa aynan bitta modelingizdan „kamchilik“ aniqlab, butun brendingizni ta’qiqlab yuborishlari ham mumkin”, deyiladi xabarda.

Undan keyin Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) rasmiy munosabat bildirib, bu mazmundagi xabarlar “asossiz” va “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etdi.

“Tarmoqlarga sizdirilgan videoda 2024-yilning noyabr oyidagi holat bo‘lib, hozirgi tekshiruvlar bilan mutlaqo bog‘liq emas. Jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan mazkur lavhani noto‘g‘ri talqin qilib tarqatgan bloger ishiga tegishli tartibda huquqiy baho beriladi”, deyiladi xabarda.

Hukumatning 2017-yilning aprel oyidagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan texnik reglament bilan muvofiqlikni baholash ishlari 10−03-sonli BMT qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Mamlakatga kirib kelayotgan M1 toifadagi har bir dona yoki bir to‘pdagi transport vositalarini sertifikatlashtirishda elektromagnit mosligi bo‘yicha sinovlar o‘tkazilishi belgilangan.

Xususan, reglamentning 5-bandi bilan muomalaga chiqarilayotgan transport vositalarining muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar transport vositasi turini ma’qullash hujjati (seriyali ishlab chiqarish uchun) va muvofiqlik sertifikati (yagona avtotransport vositasi uchun) hisoblanadi.

Hozirda M1 toifadagi avtomobillar uchun davlat reyestrida amalda bo‘lgan 81 ta avtomobil turini ma’qullash hujjati mavjud bo‘lib, shundan 10 tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 71 tasi import qiluvchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Ular Xitoyning 44, Koreyaning 18, Germaniyaning 3, Yaponiyaning 3, Rossiyaning 2, AQShning 1 hamda O‘zbekistonning 17 turdagi M1 toifadagi avtomobillariga taalluqlidir.

Import uchun ro‘yxatga olingan 71 ta turini ma’qullash hujjatlari Xitoyning BYD, Volkswagen, Changan, Chery, Haval, Jetour, JAC, Jetta, MG, Soueast, Zeekr va boshqa, Koreyaning Kia va Hyundai, Germaniyaning Porsche, Yaponiyaning Toyota hamda ASHQning Chevrolet brendlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, mamlakatda avtotransport vositalarining chakana sotish hukumatning tegishli qarori bilan tartibga solingan. Mazkur qoidalarda sotuvchi avtotransport vositalari uzoq muddat davomida foydalanishga mo‘ljalanganligi bois, ularning kafolat muddati doirasida bepul servis ko‘rsatish‚ zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar bilan ta’minlash talab etilishi belgilangan.

Reglamentda avtotransport vositalari uchun belgilangan xavfsizlik talablaridan tashqari turini ma’qullash hujjatini olish uchun arizani ishlab chiqaruvchi yoki uning rasmiy vakili berishi shartligi belgilangan.

Mazkur talab Yevropa Ittifoqi hamda Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqida avtotransport vositalari turini ma’qullash uchun qo‘shimcha talablardan biri qilib belgilangan.

Texnik tartibga solish agentligi rahbariyati Hongqi, Dongfeng, Lixiang va boshqa ko‘plab ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda rasman ishlash hamda rasmiy dilerlar ochishni taklif qilgan. Avtomobillarni rasmiy vakilsiz olib keltirgan fuqarolar kafolatga ega bo‘lmaydi.

Piskent avtopoligonida yuqorida talablar asosida sinov jarayonlari amalga oshiriladi. Fuqarolardan kafolatlangan va barcha sinovdan o‘tgan avtomobillarni rasmiy dilerdan xarid kilish tavsiya etilgan.

“Norasmiy dilerlar, importyorlar, hamda ularning deklarantlari tomonidan odatda sizdan elektron kalit taqdim etish so‘raladi va sizning nomingizga aylanma yo‘li bilan, shu jumladan, avval foydalanishda bo‘lgan avtomobillar rasmiylashtiriladi. Bundan ogoh bo‘ling, aldanib qolmang!”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi hamda Texnik tartibga solish agentligi rahbariyati tomonidan avtomobil sinovlarini olib boruvchi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi

2024-yilning 1-noyabridan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Endi ular bojxona hududida emas, balki Pskentdagi “UzTest” avtopoligonida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Yangilik sezilarli navbatlarning shakllanishiga olib keldi — haydovchilar kutish bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirishdi. “UzTest” navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi.

Shu bilan birga, muvofiqlik sertifikatining o‘rtacha narxi 2,6 mln so‘mdan 9,1 mln so‘mgacha oshib ketdi. Nazorati markazi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun narxni 5,6 mln so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 4,48 mln so‘mgacha pasaytirdi.

Undan keyin, 18-noyabrdan Yagona portal orqali elektron navbat olish imkoni yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Xizmatga havola bu yerda.

Buning uchun birinchi navbatda Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi (singlewindow.uz) orqali sertifikatlashtirish organiga elektron ariza yuborish kerak.

Yanvar oyida UzTest avtopoligonga elektron navbat olish tizimi ishlamay qolgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Onlayn tizimda bitta JShShIRga faqat bitta navbat olish mumkin. Undan foydalangandan keyin qayta navbat olish mumkin bo‘ladi.

Mart oyi oxirida O‘zstandart tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi. Sinovlar M1 toifasidagi Leapmotor C16 rusumli avtomobili belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermasligini ko‘rsatgan.

Undan keyin Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillari sertifikatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlarxitoylik mutaxassislar ishtirokida qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Xitoyning Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistonda brend avtomobillarini sertifikatlashtirish to‘xtatilganiga rasmiy munosabat bildirgandi.