Xitoyning Eksport-import banki Toshkent shahri uchun 200 dona elektrobus xarid qilish loyihasini moliyalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov, Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi, Toshshahartransxizmat rahbariyati Xitoy Eksimbankining erkin savdo va imtiyozli kreditlash departamenti rahbari Mo Guo bilan uchrashdi.
Uchrashuvda poytaxt uchun 200 dona elektrobus xaridi loyihasini moliyalashtirishda Eksimbank tomonidan kredit ajratilishi bilan bog‘liq masalalar “atroflicha” muhokama etildi.
Shuningdek, Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun 1000 dona siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi katta sig‘imli avtobuslar xaridini tezlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelgusidagi ishlar belgilab olindi.
Joriy yilgi davlat dasturi bilan Toshkent shahri jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 200 dona elektrobus va ular uchun quvvatlash uskunalarini xarid qilish belgilangan.
Yanvar oyida Ilhom Mahkamov prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
Fevral oyida vaziri Yutong Bus kompaniyasi bilan jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun harakat tarkiblarini yangilash vazifalarini muhokama qildi. Unda 200 ta elektrobus sotib olish loyihasining hozirgi holati hamda Toshkent uchun yana 1000 ta avtobus sotib olish loyihalari haqida so‘z bordi.
Undan keyin Yutong Toshkent uchun 200 ta elektrobus yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgani ma’lum qilindi. Harakat tarkibini yangilash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda Xitoyning yana ikkita kompaniyasi — BYD Auto Industry hamda ZhongTong Bus Holding ishtirok etdi.
Avvalroq Toshkentda avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga 37,5 ming so‘m miqdorida jarima belgilana boshlangani haqida xabar berilgandi.