Xitoyning WeChat va Alipay kompaniyalari O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinmoqda. Bu haqda 11-aprel kuni o‘tkazilgan media-muloqotda Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Mirhayotov Spot muxbirining Xitoyning WeChat yoki Qozog‘istonning Kaspi kabi tizimlariga o‘xshash superappni ishlab chiqish borasidagi savoliga yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi o‘tgan yilgi prezident farmoni loyihasiga kiritilgan ushbu taklif faqat mamlakatga kelayotgan xorijiy sayyohlar uchun nazarda tutilganini tushuntirdi.
Markaziy bank mamlakat ichida bunday superappning yaratilishi sog‘lom raqobat allaqachon shakllangan fintex bozori rivojlanishini sekinlashtiradi, deb hisoblaydi. Mirhayotov konsolidatsiya o‘rniga Uzcard va Humo‘ni xorijiy to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilishni taklif qildi, bu esa xorijiy sayyohlar uchun to‘lovlarni osonlashtiradi.
“Hozir biz bu yo‘nalishda ish olib boryapmiz, texnik hujjatlarni to‘g‘irlayapmiz. WeChat va Alipay bilan milliy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar boshlandi”, — dedi Miraziz Mirhayotov.
Uning qayd etishicha, birinchi bosqichda tomonlar xorijiy sayyohlar O‘zbekistonda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ikkinchi bosqichda esa o‘zbekistonliklarning Xitoyda Uzcard va Humo orqali to‘lovlari bo‘yicha shu kabi ishlar rejalashtirilgan.
O‘tgan yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal hamda UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi.
Avvalroq Markaziy bank Markaziy bank fuqarolarni Tezkor to‘lov tizimiga ulashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Bu ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan bo‘ladi, biroq belgilanadigan tariflar bozordagi raqobatga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.