O‘zbekistonda Haj va Umra tadbirlarini noqonuniy tashkil etish va o‘tkazish bilan shug‘ullangan kompaniyalar aniqlanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, ayrim turfirmalar aldov yo‘li bilan ziyorat tadbirlarini tashkil etib berishni va’da qilib, fuqarolarni Saudiya Arabistoniga olib boryapti. Tadbirlar to‘liq tashkil etilmasligi natijasida ziyoratchilar sarson bo‘lib, ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlanmayotgani qayd etildi.
Oxirgi besh oyda 26 ta tadbirkorlik subyektlari litsenziyasiz faoliyat yuritganligi uchun javobgarlikka tortildi. Jinoiy ishlarni sodir qilgan 40 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov jarayonlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan Umra ziyoratlarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega kompaniyalarga murojaat qilishlari so‘ralmoqda. Noqonuniy tadbirlar kuzatilsa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga xabar berish mumkin.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura litsenziyasiz Umra tadbirlarini tashkil etish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.
Xususan, litsenziyasiz shug‘ullanish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasi bilan fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi.
Agar, litsenziyasiz shug‘ullanish juda ko‘p miqdorda daromad olish bilan bog‘liq bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 190-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunning 52-moddasi bilan litsenziyasiz faoliyat yuritgan yuridik shaxslarga BHMning 200 baravari miqdorida moliyaviy jarimalar solinadi.
Avvalroq litsenziyasiz Umra tadbirlarini tashkil etgan 19 ta turfirma jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Ikki oyda ushbu xizmatni ko‘rsatgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.