Markaziy bank O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 11-aprel kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Regulyatorning 2025-yilga mo‘ljallangan rejalari haqidagi savolga Mirhayotov Markaziy bank to‘lov QR-kodlari bo‘yicha yagona standartlarni ishlab chiqish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan ko‘pincha QR-kodli bir nechta taxtachalar o‘rnatilgan bo‘ladi, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tug‘diradi, dedi u.

“Biz yagona standart yaratishni maqsad qilganmiz. Unga ko‘ra, tashkilotda QR-kod o‘rnatiladi va mijoz uning yordamida o‘zi xohlagan mobil ilova yoki to‘lov xizmati orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Mirhayotov,

Regulyator To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ushbu QR-kodni ishlab chiqish uchun bir yil vaqt kerak bo‘ladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda individual QR-kod olgan tadbirkorlar soni 108 mingdan oshgan. QR-kodlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi qariyb 31% ga oshib, 441,79 mlrd so‘mni tashkil etdi.

QR-kodlar orqali to‘lovning afzalliklari qatorida POS-terminallarni o‘rnatish zaruratining yo‘qligi ta’kidlanadi Markaziy bankda. Bu biznes uchun xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, amalga oshirilgan integratsiya tufayli soliq keshbeki avtomatik ravishda hisoblanishi ham afzalliklar qatoriga kiritilgan.

Avvalroq Markaziy bank fuqarolarni Tezkor to‘lovlar tizimiga ulashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.