Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
12-aprel kuni Bojxona qo‘mitasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan qo‘mita raisining ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlarning bojxona va ishlab chiqarish sohasidagi muammolarini hal qilish hamda takliflarini qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti haqida ma’lumot berilib, ushbu maqomga ega 66 ta tadbirkorning 25 minga yaqin partiyadagi tovarlari bojxona rasmiylashtiruvidan ustuvor tartibda o‘tkazilgani hamda ularga 410 mlrd so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlarini kechiktirib va bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgani qayd etildi.
Tadbirkorlarning $76 mlnlik 2 mingga yaqin partiyadagi tovarlarini bojxona to‘lovlarisiz o‘z omborlariga tushirishga ruxsat berildi. Bu esa ularga 7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘larini tejash imkonini bergan.
Eksport tovarlariga QQS summasini qaytarish bo‘yicha bojxona va soliq organlari axborot tizimlarining integratsiyasi yakunlanib, elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Natijada, 4 mingdan ortiq eksportyorning 88 mingga yaqin partiyadagi tovarlariga oid ma’lumotlar soliq organlari tomonidan elektron qabul qilingan.
Shuningdek, tadbirda bojxona organlari nazorat qiluvchi organdan ko‘ra ko‘proq tadbirkorga ko‘makchi sifatida faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
Kengash maqsadi tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish, xomashyo va butlovchi qismlarni bojxonada qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etish, mahalliy ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish hamda eksport operatsiyalarida tashqi bozorda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan.
Avvalroq 1-iyuldan 86 turdagi tovarlarga eksport bojxona bojlari joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Bular qatorida go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, charm xomashyosi, tabiiy gaz hamda mineral o‘g‘itlar bor.