Google Android va Pixel bilan shug‘ullanadigan bo‘linmadagi “yuzlab xodim"ni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda The Information nashri xabar berdi. Bu ma’lumotni The Verge va 9to5Google nashrlari ham keltirgan.

Qayd etilishicha, qisqartishlar kompaniyaning Platforms and Devices bo‘limiga ta’sir ko‘rsatgan.

Google vakillari ta’kidlashicha, 2024-yilda Pixel qurilmalari, Android operatsion tizimi, Chrome brauzeri va boshqa jamoalar Platforms and Devices bo‘limiga birlashtirilganidan beri kompaniya “chaqqonroq va samaraliroq ishlash"ga e’tibor qaratgan.

Ushbu maqsad 2025-yil yanvarda e’lon qilingan ixtiyoriy ishdan bo‘shatish dasturiga qo‘shimcha ravishda qisqartirishlarni ham o‘z ichiga oladi.

O‘shanda AQShdagi Platforms and Devices xodimlariga, agar ular jamoalarni birlashtirish qaroriga rozi bo‘lmasa, o‘z vazifalari bilan “qiynalayotgan” bo‘lsa yoki gibrid ish formatiga tayyor bo‘lmasa, ishdan bo‘shatish nafaqasi bilan ketish taklif qilingan edi.

The Verge nashri ta’kidlashicha, ko‘pincha bunday “ixtiyoriy ketish” dasturlari, agar yetarli miqdordagi xodimlar ketishga qaror qilmasa, ommaviy ishdan bo‘shatishning boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Engadget nashri ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda kompaniyaning Platforms and Devices bo‘limida 25 mingga yaqin kishi ishlaydi.


Avvalroq Spot Mercedes-Benz xodimlariga ishdan bo‘shashlari uchun 500 ming yevrogacha taklif qilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya xarajatlarni va ortiqcha xodimlar sonini kamaytirish orqali 2027-yilgacha 5 mlrd yevro tejashni rejalashtirmoqda.