Joriy yil boshidan O‘zbekistonda 2 mlrd kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
12-aprel kuni, soat 15:30 holatiga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 2 mlrd kVt/soatga yetdi. Hozirda mamlakatning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4,06 GVt bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr hamda 3 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi.
2022-yili Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 434 mln kVt/soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 2024-yili 7 ta viloyatda joylashgan 9 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan “yashil” energiya hajmi 4,86 mlrd kVt/soatni tashkil qildi.
Joriy yilning o‘tgan uch yarim oyida quyosh stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 1,17 mlrd kVt/soatni, shamol elektr stansiyasiniki esa 830,1 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bundan tashqari, shamol stansiyalari ishlab chiqargan “yashil” energiya miqdori 2024-yilning butun davriga nisbatan (799 mln kVt/soat) ko‘pdir.
Natijada 600 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 1,17 mln tonnadan ortiq karbonat angidrid va 1 176 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.
Bundan tashqari, quyosh hamda shamol elektr stansiyalari bilan birga gidro elektr stansiyalarini ham hisoblasa joriy yilning o‘tgan davrida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 3,7 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. Bu esa 1,11 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalganini, atmosferaga 2,18 mln tonna karbonat angidrid va 2 179 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olinganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, vazirlik mazkur hajmdagi elektr energiyasi 4,63 mln xonadonning to‘rt oylik yoki 1,54 mln xonadonning bir yillik me’yoriy bazasini tashkil qilishini qayd etdi.
Avvalroq xitoylik investorlar O‘zbekistonda yana ikkita yashil elektr stansiyasini qurishi haqida xabar berilgandi. Qoraqalpog‘istondagi shamol elektr stansiyasi hamda Jizzaxdagi quyosh elektr stansiyasining umumiy quvvati 1,5 GVtni tashkil etadi.