O‘zbekiston Leapmotor avtomobillarini sertifikatlashga qo‘yilgan cheklov olib tashlandi. Bu haqda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) matbuot xizmati xabar berdi.

Mart oyida Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisiga C16 modelida aniqlangan nomuvofiqlik sabab, sertifikatlash to‘xtatilib, UzTest Zhejiang Leapmotor Technology Co. LTD kompaniyasiga murojaat bilan chiqdi. Natijada, 7-aprelda Leapmotor vakili Gu Jiven boshchiligidagi delegatsiya bilan mazkur masala muhokama qilingandi.

14-aprel kuni O‘zbekistonga olib kelingan C16 rusumidagi 2 ta avtomobil UzTestning Piskentdagi Elektromagnit moslashuvchanlik sinov laboratoriyasida qayta sinovlardan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu avtomobil BMTning 10-son qoidalari talablariga muvofiq topildi hamda Leapmotor kompaniyasiga shartli ravishda mazkur tovar belgili transport vositalarini mamlakatda muomalaga chiqarishga ruxsat berildi.

Bunda kompaniyaga bir nechta majburiyat yuklatildi. Ulardan asosiysi, nomuvofiqlik aniqlanganda ularni bartaraf etish hamda iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun rasmiy vakil — O‘zbekistonda rezident (yuridik shaxs) ni belgilashdir.

Import qilinayotgan Leapmotor tovar belgisi ostidagi barcha avtomobillar turini ma’qullash uchun tegishli hujjatlarni taqdim qilish talab etiladi. Shuningdek, Leapmotor avtomobillari ishlab chiqarilayotgan korxonalarda jarayon va shartlarni o‘rganish hamda baholash so‘ralgan.

Nima bo‘lgandi?

Mart oyi oxirida O‘zstandart tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi. Sinovlar M1 toifasidagi Leapmotor C16 rusumli avtomobili belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermasligini ko‘rsatgan.

Undan keyin Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillari sertifikatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlarxitoylik mutaxassislar ishtirokida qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Leapmotor O‘zbekistonda avtomobillarini sertifikatlash to‘xtatilganiga rasmiy bayonot bilan chiqib, sinovdan o‘tkazilgan avtomobil holati va talablar bo‘yicha aniq ma’lumotlar mavjud emasligini, avtomobil kompaniya tomonidan taqdim etilmaganini bildirdi.

“Shu sabab ham, uning natijalari yuzasidan e’tirozlarimiz bor”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya Texnik tartibga solish agentligi bilan qayta sinov o‘tkazish ustida ish olib borilayotganini qayd etgan.

Avvalroq UzTest Piskent avtopoligonida avtomobillar sinovdan o‘tkazilishi haqidagi video xabarlarga munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.