Malayziya kompaniyasi O‘zbekistondagi daryo va kanallarda kichik GESlarni qurishi mumkin. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Malakoff Corporation Berhad kompaniyasi bosh ijrochi direktori Anvar Shaxrin Abdul Ajib bilan uchrashuv o‘tkazdi

Malayziya tomoniga mamlakatda “yashil” energiya sanoati istiqboli, ayniqsa gidroenergiya bo‘yicha foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Kompaniyaning tajribasini inobatga olgan holda, Malayziya tomoniga mamlakat hududlarida daryo va kanallarda kichik gidroelektr stansiyalarini qurish hamda yirik quvvatli gidroinshootlarni barpo etish loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.

Anvar Shaxrin Abdul Ajibning aytishicha, kompaniya Malayziyadagi eng yirik mustaqil energiya ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Umumiy quvvati 8782 MVt bo‘lgan issiqlik va 173 MVt qayta tiklanuvchi elektr stansiyalariga egalik qiladi.

“O‘zbekistonda „yashil“ energiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar menda katta taassurot qoldirdi. Mamlakatingiz erishgan natijalar va ulkan rejalardan ilhomlanib, o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish uchun joriy yilda O‘zbekistonga borishni rejalashtiryapmiz”, — dedi u.

Malakoff Corporation Berhad kompaniyasi 1975-yil 9-oktabrda tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyati elektr energiyasi ishlab chiqarish, sho‘r suvni chuchuklashtirish, ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish hamda chiqindilarni boshqarishdan iborat. Kompaniya Malayziyadan tashqarida Saudiya Arabistoni, O‘mon, Baxrayn va Bangladeshdagi korxonalarga egalik qiladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2026-yilgacha qariyb 3000 ta yangi mikro GESlar qurish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Energetika vazirligi mikro GESlar qurish va ishga tushirish taklifini bildirganlarga 20 yil muddatga yer uchastkalarini ijaraga beradi.