Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida turizm markazi barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

10-aprel kuni shaharning Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma'rifiy turizm markazining qurilishi boshlandi.

Uning umumiy maydoni 35 gektarni tashkil etib, loyihaning master-rejasi Turkiya loyihalash kompaniyasi (nomi keltirilmagan) tomonidan ishlab chiqilgan.

Bu yerda ilmiy-tadqiqot markazi, biznes markaz, mehmonxonalar, maqom teatri, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, bozor va gastronomiya markazi hamda istirohat bog‘i bo‘ladi.

farg'ona, marg'ilon, turizm

Shu bilan birga, loyiha doirasida avtoturargohlar, masjid, anjumanlar zali, fakultetlar, yotoqxona, muzey hamda Otabek va Kumush uyini qurish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qurilish maydoni bo‘lib, mas’ullarga qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq O‘zbekiston Xitoydan keladigan turistlar uchun turizm xizmatlarini moslashtirishi haqida xabar berilgandi. Prezident Xitoydan tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulayliklar yaratish, aeroport va vokzallarda ularni xitoy tilida kutib olish, dasturlarni ham xitoy tilida taqdim etishni topshirdi.