AQSh Federal savdo komissiyasi Meta’ning Instagram va WhatsApp’ning sotib olishi bo‘yicha bitimlar monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganini da’vo qilib, ularga e’tiroz bildirishga tayyorlanmoqda.

Birinchi marta 2020-yil dekabr oyida berilgan da’vo bo‘yicha sud muhokamasi 2025-yil 14-aprelga belgilangan.

Kommisiyaning ta’kidlashicha, 2012-yilda Instagram va 2014-yilda WhatsApp’ning sotib olinishi halol raqobatga emas, balki Meta raqobatchilarini zararsizlantirishga qaratilgan.

Regulyator fikriga ko‘ra, bu bitimlar noqonuniy bo‘lgan, ma’qullanmasligi kerak edi va xizmatlarni Meta’ning asosiy biznesidan ajratish lozim.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, tegishli da’vo kelasi dushanba kuni sudga taqdim etiladi. FTC’ning ta’kidlashicha, Instagram va WhatsApp bilan tuzilgan bitimlar raqobatni bostirish maqsadida amalga oshirilgan va soha regulyatorlari ularni ma’qullashda xatoga yo‘l qo‘ygan.

Idora o‘z dalillarini tasdiqlash uchun Meta ilovalarining umumiy sifati pasayganini isbotlaydi. Bu holat reklamalar sonining ko‘payishi va maxfiylik darajasining pasayishi orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Vashingtondagi okrug sudyasi Jeyms Boasberg tomonidan ko‘rib chiqiladigan Meta va FTC o‘rtasidagi sud jarayoni Sukerberg kompaniyasining ijtimoiy tarmoqlardagi hukmron mavqeiga jiddiy tahdid solmoqda.

Bu ish Meta biznesining bo‘linishiga olib kelishi mumkin, bu esa butun dunyo bo‘ylab juda mashhur bo‘lgan bir qator raqamli mahsulotlarning yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Meta’ning bozor qiymati $1,3 trln ekanligini va kompaniyaning Instagram reklama daromadlariga bog‘liqligini hisobga olsak, biznesning bo‘linishi yuzlab milliard dollarlik kapitallashuvning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Sud jarayonida ko‘plab guvohlar, jumladan Meta rahbariyatidan Sukerberg va sobiq operatsion direktor Sheril Sendberg ishtirok etadi. Meta avvalroq “Instagram va WhatsApp’ni sotib olish raqobat va iste’molchilar uchun foydali bo‘lgani” haqidagi dalillarni taqdim eta olishiga ishonch bildirgan edi.

Kompaniya, shuningdek, Federal savdo komissiyasi 10 yildan ortiq vaqt oldin tuzilgan bitimlarni o‘rganayotganidan noroziligini ifodaladi.

Manbaga ko‘ra, Sukerberg shaxsan AQSh prezidenti Donald Trampdan Federal savdo komissiyasi bilan kelishmovchiliklarni hal qilishni so‘ragan. Ammo hozirgi bosqichda Amerika prezidenti bu ishga aralashmasligi mumkin.

Takidlanishicha, Trampning apellyatsiya bosqichida ishga aralashib, komissiya a’zolarini Meta bilan kelishuvga erishishga majburlash uchun bosim o‘tkazishi ehtimoli yuqoriroq. Shu bilan birga, ushbu ishning ko‘rib chiqilishi yillarga cho‘ziladigan ssenariy ham kuzatilishi mumkin.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Apple va Meta’ni jarimaga tortishi mumkinligi haqida yozgandi.

Bunga kompaniyalarning monopoliyaga qarshi qoidalarni buzgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.