O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini buzganlik uchun jarimalar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi yangi mobil ilova ishlab chiqildi. Bu haqda IIV YHXX matbuot xizmati xabar berdi.

Safe Road YHXX ilovasida sug‘urtaning amal qilish muddati, navbatdagi texnik ko‘rikkacha bo‘lgan vaqt hamda “tonirovka” haqida ma’lumot olish mumkin. Shu bilan birga, avtomobil moyi hamda gaz nazoratini rejalashtirish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, foydalanuvchilarga elektron navbat, avtomobillar raqamlarini saqlash, sotilmagan avtoraqamlarni xarid qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ishonchnoma rasmiylashtirish kabi xizmatlar taklif etiladi.

YHXX matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshevning aniqlik kiritishicha, shu kungacha qoidabuzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot olishda foydalanilib kelingan Road 24 ilovasi bilan ma’lumot almashinuvi to‘xtatilgan. Endilikda uning o‘rniga Safe Road’dan foydalanish tavsiya qilinadi.

Xabar e’lon qilingan vaqtda ilova Avtomobillar va transport toifasida O‘zbekiston bo‘ylab eng ko‘p yuklab olingan dasturlar ro‘yxatiga kirdi. Shu bilan birga, uning Play Market’dagi reytingi 2,9 ga, App Store’da esa 3,3 ga baholangan.

Bundan tashqari, Play Market’da ushbu ilova ishlab chiquvchisi sifatida SSD Software Solutions kompaniyasi, App Store’da Autodoc kompaniyasi ko‘rsatilgan.

Road24 ishlab chiquvchisi Kash App jamoasi yangi ilova ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, ilova haqida asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilganini ma’lum qildi.

“Ushbu harakatlarni raqobatga qarshi harakatlar deb hisoblaymiz. Road 24 ilovasi yo‘l harakati ishtirokchilari uchun tegishli tartibda aktual ma’lumotlarni taqdim etib kelmoqda va ilova bilan bog‘liq hech qanday muammolar mavjud emas”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, ishlab chiquvchi foydalanuvchilardan noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslikni so‘ragan. Hozirda mobil ilova shtat rejimida ishlamoqda.