Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov bilan ushbu loyihaning master-rejasini ko‘rib chiqdi. Qayd etilishicha, loyiha “bir nechta xorijiy kompaniyalar” ishtirokida ishlab chiqilgan.
Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
Tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik quriladi. Suv bo‘yida xiyobon, plyaj va dam olish joylarini tashkil etish, qiyaliklarda esa mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoran va tomoshagohlar barpo etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bu yerda madaniyat, ta’lim, tibbiyot, sport maskanlari yaratiladi. Bu orqali esa sayohat bilan birga, keluvchilarga yil davomida yashash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari bu loyiha barcha tashrif buyuruvchilarga qulay bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, majmuani zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bundan bir kun avval, 13-aprel kuni Emin Agalarov bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Adilov hamrohligida uning o‘zi “O‘zbekistonning sirli go‘zalliklari” deb nomlagan Chorvoq suv omboriga tashrif buyurdi.
“Chorvoq suv ombori — bu ajoyib go‘zallik. Mutlaqo bokira tabiat, u yerda, menimcha, jahon darajasidagi kurort yaratish mumkin”, — dedi Agalarov.
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi.
Emin Agalarov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Shu bilan birga, bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
“5−7 mln kv.metrga mo‘ljallangan salohiyatli bu loyiha mamlakatning eng yaxshi kurort zonasidan biriga aylanadi degan umiddaman. Bu yerda odamlar yil davomida yashashlari va dam olishlari mumkin. Xatto, sotib olib, uni ijaraga berish mumkin bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.
Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi.