Avvalroq Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.
Turizm markazini Chorvoq suv omborining ikki chetidagi 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish rejalashtirilmoqda.
Ozarbayjonlik tadbirkor O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida master-rejani ishlab chiqish jarayonida “katta ko‘lamdagi ishlar” amalga oshirilganini qayd etdi. Unda me’moriy yechimlar taqdim etilib, maktab va shifoxonalar joylashuvi ko‘rsatib berildi.
“Bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘ladi va bosqichma-bosqich bunyod etiladi. Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi Emin Agalarov.
Tadbirkor turizm markazi Bokuda joylashgan Sea Breeze loyihasi asosida amalga oshirilishini ta’kidlab, “agar barchasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, bu maskan o‘zbekistonliklar hamda xorijiy sayyohlarga manzur bo‘lishiga ishonaman”, dedi.
Shuningdek, Agalarov kompaniya maqsadi yangi shaharni “jozibador hamda yashash uchun qulay” qilishga qaratilganini qo‘shimcha qildi.
Loyiha taqdimotiga ko‘ra, ikki qirg‘oqni bir biri bilan bog‘lovchi osma ko‘prikning umumiy uzunligi 377 metrni tashkil etadi.
Sea Breeze Uzbekistan
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi.
Emin Agalarov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Shu bilan birga, bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
“5−7 mln kv.metrga mo‘ljallangan salohiyatli bu loyiha mamlakatning eng yaxshi kurort zonasidan biriga aylanadi degan umiddaman. Bu yerda odamlar yil davomida yashashlari va dam olishlari mumkin. Xatto, sotib olib, uni ijaraga berish mumkin bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.
Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi.
Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
Tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik quriladi. Suv bo‘yida xiyobon, plyaj va dam olish joylarini tashkil etish, qiyaliklarda esa mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoran va tomoshagohlar barpo etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bu yerda madaniyat, ta’lim, tibbiyot, sport maskanlari yaratiladi. Bu orqali esa sayohat bilan birga, keluvchilarga yil davomida yashash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Yashnobodda okeanarium hamda savdo-mehmonxona majmuasi qurilishi haqida xabar berilgandi. Yakkasaroy tumanida turar-joy va ishbilarmonlik maskanini barpo etish rejalashtirilmoqda.