Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni turizm va bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Bo‘stonliq tumanida amalga oshirilayotgan Chorvoq darvozasi majmuasi loyihasi ko‘rib chiqildi. Prezident o‘tgani yilning dekabrida uning qurilishini borib ko‘rgandi, yaqinda loyihaning birinchi bosqichi ochildi.
Majmua o‘z ichiga 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, avtoturargoh tashkil etiladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi.
Taqdimotda majmuaning keyingi bosqichlarini qurish, sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish borasidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Uni arzon va ekologik toza energiya bilan ta’minlash uchun Chirchiq daryosida kichik gidro elektr stansiya barpo etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Yana bir loyiha Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Chirchiq daryosi bo‘yidagi 20 gektar maydonda okeanarium qurishga qaratilgan. Yonida savdo-mehmonxona majmuasi qurilib, ularda jami 1 600 ta ish o‘rni ochiladi.
Shuningdek, Yakkasaroy tumanida turar-joy va ishbilarmonlik maskani barpo etish mo‘ljallangan. Unda ko‘p qavatli uylar, bog‘cha va maktablar, sport va sog‘lomlashtirish maskanlari, mehmonxona va savdo ofislari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Prezident loyihalarning huquqiy, moliyaviy jihatlari hamda infratuzilma masalalarini har tomonlama o‘ylab, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga sifat va muddatni aniq belgilab, bajarilishini nazorat qilish topshirildi.
Joriy yilning fevral oyida Griffin Development kompaniyasi Yakkasaroyda ko‘p qavatli biznes markaz qurish taklifi bilan chiqqandi.
Avvalroq prezidentga Sea Breeze Uzbekistan turizm markazining master-rejasi taqdim etilgani haqida xabar berilgandi.