11-aprel kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan birja savdolarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqlandi.

Joriy yilning 15-iyulidan boshlab ichki bozorda sotiladigan 11 turdagi xomashyoni faqat birja savdolari orqali sotish talabi joriy etiladi. Bu monopol kompaniyalar, davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxona va ularning sho‘ba tuzilmalariga nisbatan tatbiq etiladi.

Xlorid va nitrat kislotasi, natriy sianid, gipoxlorid natriy, suyuq azot, suyuq xlor, rux belilasi, ferromolibden, bazalt, fosforit va dolomit uni bozor tamoyili asosida Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali sotilishi kerak.

Shuningdek, hujjat bilan O‘zRTXBda ikki tomonlama qarama-qarshi auksion savdolarini yo‘lga qo‘yish tartibi belgilanmoqda. Bunda sotuvchilar va xaridorlar bir vaqtning o‘zida tovarlarni sotish va sotib olish bo‘yicha o‘zlarining narx takliflarini ilgari surishi mumkin bo‘ladi.

Ikki tomonlama qarama-qarshi auksion yuqori likvidli, o‘zgarmas sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan tovarlar savdosiga nisbatan qo‘llaniladi. Ularni o‘tkazishga ruxsat berish bilan ularni kotirovkalash varag‘iga kiritadigan listing komissiyasi shug‘ullanadi.

Ikki tomonlama qarama-qarshi auksion ishtirokchilari avans (tovar qiymatining 10%igacha) to‘lovini o‘tkazishlari kerak bo‘ladi. Savdoning bir ishtirokchisi (diler, market-meyker, broker) bir yoki bir necha xaridorning vakili bo‘lishi mumkin.

Savdo sessiyasi yakunlari bo‘yicha bitimlar elektron savdo tizimida avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. O‘zRTXB har hafta tovarlarning o‘rtacha birja kotirovkalarini hisoblab chiqadi va e’lon qiladi.

2022-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev bir qator yuqori likvidli tovarlar majburiy tartibda birja orqali sotilishi to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Ularga po‘lat sharlar, metall prokat, kaustik soda, nafta, neft koksi, texnik kislorod, paxta, paxta moyi, etil spirti kiradi.

Avvalroq brokerlarga 5-martdan boshlab ayrim birja savdolarida masofadan turib ishtirok etish cheklangani haqida xabar berilgandi. AI-80 benzini va propan sotib olish uchun arizalarni birja binosi, uning filiallari va savdo maydonchalaridan yuborish mumkin.