Wildberries marketpleysi Toshkentda yangi saralash markazini ochdi. Bu haqda Wildberries va Russ qo‘shma kompaniyasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Yangi logistika obyekti poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan bo‘lib, Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan avvalgi logistika obyekti o‘rnini egallaydi.
Wildberries kompaniyasi saralash markazining joylashuvi o‘zgartirilishiga sabab sifatida kattaroq maydon, jarayonlarning avtomatlashtirilganligi va buyurtmalarni qayta ishlash tezligini oshirish kabi omillarni ko‘rsatgan.
Buyurtmalarni yangi saralash markazidan Toshkentdagi tarqatish punktlariga yetkazib berish muddati 12 soatgacha bo‘ladi.
Markaz to‘liq ishga tushirilgach, kuniga 100 mingtagacha buyurtmani qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Qayd etilishicha, unumdorlikning oshishi onlayn xaridlarga o‘sib borayotgan talabni qondirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash imkonini beradi.
2023-yilning oktabr oyida Wildberries Toshkent viloyatida ikkinchi logistika markazini qurish rejalarini ma’lum qildi. Marketpleys 150 ming kv.metr maydonga ega obyektni qurishga $140 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan.
O‘tgan yilning aprelida Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi rahbari Tatyana Kim (ilgari — Bakalchik) marketpleysning O‘zbekistonda ikkinchi logistika markazini qurish rejalari borligini tasdiqladi.
“O‘zbekistonda logistika markazini qurish rejalari o‘zgargani yo‘q va o‘zgarishi ham dargumon. Birinchidan, mamlakatda iste’molchilar nuqtayi nazaridan juda katta bozor mavjud. Ikkinchidan, biz uchun xaridorlarni jalb qilishdan (garchi bu saqlanib qolsa ham) ham muhimroq narsa, fikrimcha, hozir ishlab chiqaruvchilar uchun kurash ketmoqda”, — degandi Kim.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, Wildberries’da O‘zbekistondan sotilgan tovarlarning umumiy hajmi 61,3% ga o‘sdi. Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlariga, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda avtomobil tovarlari va kiyim-kechaklarga talab sezilarli darajada ortgan.
Avvalroq Market Yandex Go marketpleysi Toshkent va Toshkent viloyatida ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.