YouTube videolarga qo‘shish mumkin bo‘lgan maxsus instrumental fon musiqasini yaratish uchun sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishga imkon beruvchi yangi funksiyani ishga tushirmoqda.

Creator Insider kanalida e’lon qilingan yangilanishda kompaniya o‘zining Creator Music do‘koni uchun yangilanishni joriy etishni boshlaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu yangilanish ijodkorlarga sun’iy intellekt yordamida yangi ohanglar yaratish imkonini beradi.

YouTube’ning ma’lum qilishicha, bu funksiya 2023-yilda ishga tushirilgan platformadagi Creator Music tijoriy musiqa litsenziyasi resursiga kirish huquqiga ega ijodkorlar uchun “asta-sekin” joriy etilmoqda.

Savdo maydoni ijodkorlarga videolarga qo‘shish uchun musiqani oson topish va buning uchun qancha xarajat kerakligini tushunishga yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan. Biroq, sun’iy intellekt musiqasi ularga yana bir bepul imkoniyatni taqdim etadi.

Yangi sun’iy intellekt xususiyatiga ega bo‘lgan ijodkorlar Creator Music xizmatida “Musiqa yordamchisi” bo‘limini ko‘radilar. Ular bo‘sh matn maydoniga yaratmoqchi bo‘lgan musiqa turini tasvirlab, cholg‘u asboblari, kayfiyat, videoning turi va boshqa tafsilotlarni ko‘rsatishlari mumkin.

Foydalanuvchilarga ishni boshlashda yordam berish uchun maydon ostida ba’zi taklif qilingan so‘rovlar ham berilgan.

Treklar yaratilgandan so‘ng, ijodkorlar ularni yuklab olib, o‘z videolariga qo‘shishlari mumkin. YouTube ta’kidlashicha, musiqa bepul foydalanish uchun taqdim etiladi, shu sababli ijodkorlar mualliflik huquqi bo‘yicha da’volardan xavotirlanishlari shart emas.

Hozirda xizmatning beta-versiyasi faqat aqshlik YouTube hamkorlik dasturiga ega foydalanuvchilar uchun mavjud.


Avvalroq Spot YouTube Shorts tomosha qilish vaqtini cheklashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Bunda foydalanuvchilar Shorts tomosha vaqtini nazorat qilish uchun kunlik taymer o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.

Kompaniya hozirda yangi funksiya ustida ishlayotganini, biroq hozircha uni ommaviy sinovdan o‘tkazmayotganini aytdi.