Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Andijonga tashrif buyurib, aeroportda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportni rekonstruksiya qilishning birinchi bosqichi qariyb ikki yil davom etdi. Bu davrda uzunligi 3300 metr, eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, rul yo‘lagi, samolyotlar uchun perron qurildi, aerodromning drenaj tizimi yangilandi.
Ayni paytda ikkinchi yo‘lak qurilishi, radiolokatsion, meteorologik va yorug‘lik-signal uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Ishlar yakunlangach, aeroport Airbus va Boeing samolyotlarini qabul qilish va xizmat ko‘rsatadigan reyslar sonini 10 barobarga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ikkinchi bosqichda yangi yo‘lovchi terminali qurish rejalashtirilgan. Natijada yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3700 taga ortadi.
Modernizatsiya natijasida Andijon va umuman Farg‘ona vodiysining boshqa hududlar bilan avia aloqalari kengayishi kutilmoqda.
Prezident bu yerda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
2023-yilning sentabr oyida Andijon xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishining birinchi bosqichi boshlangandi. Joriy yilning 15-martiga kelib, rekonstruksiya ishlari yakunlandan keyin, aeroport “Uzbekistan Airways"ning Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi.
Rekonstruksiya ishlari doirasida aerodrom majmuasida uzunligi 3 300 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurildi.
Avvalroq Spot Yangi Buxoro aeroportini 2026-yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgani haqida yozgandi.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilib, hozirda tegishli tomonlar bilan kelishilmoqda. Yangi nuqtada qurilish-montaj qilish ishlari allaqachon boshlangan.