Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2025-yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.

Qayd etilishicha, 2025-yilda $5,7 mlrdlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi.

31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, $1,5 mlrdlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5%ga yetishi kutilmoqda.

Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyurib, aeroportda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.