ATTO to‘lov xizmati o‘z ekotizimi doirasida yangi bozorlarga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15-aprel kuni ATTO forumida to‘lov tashkiloti hammuassisi Timur Azadov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ATTO ekotizimi jamoat transporti, jumladan, metro va avtobuslar uchun to‘lovlarni, avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olishni, shuningdek, yo‘nalishli taksilar, shahar atrofi elektrichkalari va shaharlararo avtobuslarni qamrab oladi. Tez orada ATTO Toshkentda pullik to‘xtash joylari uchun avtomatlashtirilgan to‘lovni ishga tushirmoqchi.
“Yaqin kelajakda” ATTO ekotizimi yangi xizmatlar bilan boyitiladi. Ular orasida samokatlar va avtomobillarni ijaraga olish, yo‘l chetidagi to‘xtash joylariga haq to‘lash, mehmonxonalarni band qilish, eSIM xarid qilish va tibbiy sug‘urta rasmiylashtirish kabi xizmatlar bor. Azadovning ta’kidlashicha, ATTO maqsadlari O‘zbekiston chegaralari bilan cheklanib qolmaydi.
“Biz hozir regulyator bilan [pulli yo‘llar uchun to‘lov bo‘yicha] standart yaratish mavzusida faol ish olib bormoqdamiz. Xorijda qancha pullik yo‘l operatori bo‘lsa, shuncha to‘lov tizimi bor. Bu noqulay mexanizm. Kim pulli yo‘llarni tartibga solishi va qurishidan qat’i nazar, biz ularning to‘lovi uchun yagona standart yaratilishi tarafdorimiz”, — dedi ATTO hammuassisi.
Bundan tashqari, ATTO transport kartalari funksiyasiga ega banklar tomonidan chiqariladigan kobrending kartalarini ishga tushirish niyatida. Xususan, yo‘lkira narxi “ikki barobar arzon” bo‘lishi, shuningdek, kunlik tariflarni sotib olish imkoniyati paydo bo‘lishi aytilmoqda.
Hamkor banklar orasida Ipoteka-bank, Agrobank, Aloqabank, Universalbank va Davrbank bor. Shuningdek, jamoat transportida yangi to‘lov usullari — geolokatsiya bo‘yicha to‘lov va avtobuslarda FacePay paydo bo‘ladi.
Avvalroq Spot Xitoyning WeChat va Alipay ilovalari O‘zbekiston to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinayotgani haqida yozgandi.
Markaziy bank sayyohlarga milliy kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha kompaniyalar bilan muzokaralarni boshladi.