Meta Platforms kompaniyasi yaqin orada Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilarining ma’lumotlaridan o‘zining sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun foydalanishni boshlashini e’lon qildi.

Gap ommaviy postlar, izohlar, shuningdek, Facebook va Instagram ilovalarida (Meta kompaniyasiga tegishli) Meta AI bilan o‘zaro aloqa haqida bormoqda.

Shaxsiy yozishmalar, do‘stlar va oila a’zolari o‘rtasidagi xabarlar o‘qitish jarayoniga jalb qilinmaydi. Bundan tashqari, faqat voyaga yetgan foydalanuvchilarning ma’lumotlari o‘qitiladi.

Yevropa Ittifoqi aholisiga joriy haftadan boshlab ushbu jarayonda ishtirok etishdan voz kechish imkoniyati haqidagi xabarnomalar yuborila boshlaydi.

Meta o‘tgan yili ham Yevropadagi foydalanuvchi ma’lumotlari asosida sun’iy intellektni o‘qitishga uringan edi, ammo o‘shanda nazorat organi bu tashabbusni to‘xtatib qo‘ygan edi.

Endi kompaniya maxfiylik talablarini hisobga olganini va ma’lumotlardan foydalanishni rad etish imkoniyatini taqdim etayotganini ma’lum qilmoqda.

Meta vakillari aytishicha, Yevropa foydalanuvchilari ma’lumotlaridan foydalanish mintaqaviy xususiyatlarni yaxshiroq hisobga olish imkonini beradi. Bu ayniqsa nafaqat matn, balki tasvir yoki video ham yarata oladigan ko‘p funksiyali sun’iy intellekt tizimlarini rivojlantirish uchun muhimdir. Bu sun’iy intellekt tomonidan yaratilayotgan kontentning aniqligini va dolzarbligini oshirishi kerak.

Ilgari Meta o‘z neyrotarmoqlarini Buyuk Britaniya foydalanuvchilarining ma’lumotlari asosida o‘rgatishni boshlagan edi. Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, kompaniya hozirda olishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar hajmi kamroq bo‘lishi ehtimoli yuqori.

2024-yilda Meta Facebook foydalanuvchilari tomonidan 2007-yildan buyon joylashtirilgan barcha matnli xabarlar va suratlardan o‘rgatish uchun foydalanganini tan olgan edi.