15-aprel kuni Jizzaxda RITM-200N reaktoriga ega kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj bazasi (QMB) qurilishi boshlandi. Bu haqda O‘zatom agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyiha Rossiyaning texnologiyalarini asosida Jizzax tumanida joylashgan bo‘lib, mintaqa energetika infratuzilmasini rivojlantirishda yangi bosqichni belgilaydi.

“RITM-200N reaktoriga ega kichik quvvatli atom stansiyasi sinovdan o‘tgan texnologiyalar va avariyasiz ishlash tajribasiga asoslanib, ekologik toza energiyaning ishonchli manbai bo‘ladi”, — dedi AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari Otabek Amanov.

Uning ta’kidlashicha, ixchamligi, yuqori xavfsizlik darajasi va samaradorligi RITM-200N'ni mintaqa energetikasini barqaror rivojlantirish uchun ideal yechimga aylantiradi.

aes, jizzax, qmb, qurilish-monatj binosi

Qayd etilishicha, hozirda Rosatomning Injenerlik divizioni RITM-200N reaktorli kichik quvvatli AES uchun hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlarini davom ettirmoqda.

Bu reaktor VVER tipidagi reaktorlarning avariyasiz ishlash bo‘yicha ko‘p yillik Rossiya tajribasiga asoslangan eng yangi ishlanma hisoblanadi.

“Rossiya KQAES loyihasi O‘zbekistonni o‘nlab yillar davomida kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta’minlaydi va mintaqa rivojlanishi uchun energetik asos bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi direktori, Atomstroyeksport vitse-prezidenti Pavel Bezrukov.

Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida muhim infratuzilma elementi bo‘lib, ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.

O‘zbekistonda kichik AES qurilishi

Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.

Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.

Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.

O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.

Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.