Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan Beshqo‘rg‘on (Risoviy) bozori filialining bino va inshootlarini sotivga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion'dagi e’londan ma’lum bo‘ldi.

Xaridorlarga Farg‘ona yo‘li va Abdurauf Fitrat ko‘chalari chorrahasi yaqinidagi 0,26 gektar yer maydoni taklif etilmoqda. Unda usti yopiq savdo rastasi hamda bir nechta tijorat va yordamchi binolar joylashgan.

Bino va inshootlarning umumiy maydoni 1 682 kv metrni tashkil etadi. Bu yerda barcha kommunikatsiyalar — gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i mavjud.

Obyekt o‘rnida ekobozor, savdo va ko‘ngilochar maskanlar, biznes markazi, ofis va xizmat ko‘rsatish maydonlari, avtoturargohga ega savdo majmuasi barpo etiladi. Ishlar loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan master-reja asosida olib borilishi kerak.

Lotning boshlang‘ich bahosi 15,94 mlrd so‘mni, zakalat puli esa 478,41 mln so‘mni tashkil etadi.

Auksion joriy yilning 28-aprel kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi.

Mart oyi oxirida Shavkat Mirziyoyevning xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida bozorlarga egalik qilishda hokimliklarning majburiy ishtirokini bekor qilish rejalari e’lon qilingandi. Hozirda mahalliy hokimiyat 537 ta bozor va savdo majmualarida ulushlarga ega.

Bozorlarni qayta qurish

2024-yil boshida prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi qayd etildi.

Noyabr oyida Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Undan keyin bozor bino-inshootlari bilan auksionga qo‘yildi. Natijada Xitoyning “Sheng-Ke International” kompaniyasi boshlang‘ich narxdan 5% yuqori — 225,59 mlrd so‘m taklif qild i.

Bundan tashqari, dekabr oyida davlat rahbariga Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor qurish rejalalari taqdim etildi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Bu binolarning yerosti qismida mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi.

Yanvarda Chilonzor tumani hokimligi Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi bilan Beshyog‘och bozori o‘rnida biznes markaz qurish loyihasini ko‘rib chiqdi. Hokimlikning qayd etishicha, loyiha muhokama bosqichida bo‘lib, uni aniq amalga oshirish muddatlari va qiymati haqida hech qanday rejalar yo‘q. Bu kabi takliflar yana bo‘lsa, ko‘rib chiqiladi.

Undan keyin Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bu kabi xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, renovatsiya hududida joylashgan Beshyog‘och bozori o‘rnida 9 qavatgacha bino qurilishi mumkinligini, jarayonni amalga oshirish bo‘yicha hech qanday topshiriq mavjud emasligini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekneftgaz 5 ta xizmat avtomobilini auksionga chiqargani haqida xabar berilgandi.