Avvalroq Shavkat Mirziyoyev turizm va bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda Yashnobodda okeanarium hamda savdo-mehmonxona majmuasi, Yakkasaroyda esa turar-joy va ishbilarmonlik markazi qurilishi ma’lum qilindi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Odilov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga bir nechta loyihalar taqdim etilganini qayd etdi.
Xususan, Bo‘stonliqdagi Chorvoq darvozasi turistik majmuasi loyihasi doirasida suv omborining ikki qirg‘og‘i bo‘yidagi Yusufxon hamda Sijjak mahallalarini bir biri bilan bog‘lovchi yirik ko‘prik qurilishi ko‘rib chiqildi.
Odilovning qayd etishicha, ko‘prik qurilishi loyihasi bo‘yicha Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlardan “sohada yetarli tajribaga ega bo‘lgan” kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Bundan tashqari, Yangi Toshkent hududida Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lgan okeanarium loyihasini taqdim etdik. Loyiha o‘z ichiga ko‘ngilochar markazlar, savdo-maishiy xizmat obyektlari hamda to‘rt yulduzli yirik mehmonxona majmuasini oladi hamda Chirchiq daryosi bo‘yidagi 20 gektar maydonda joylashadi”, — dedi u.
Qurilish vaziri o‘rinbosari loyiha Yangi Toshkent qurilishiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini oshirishini hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishini kutmoqda.
Avvalroq Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining qurilishiga joriy yilning yoz oyida kirishilishini ma’lum qilgandi.