Uzbekistan Airways Toshkent-Jidda reyslarida umra vizasiga ega yo‘lovchilarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“„Haj 2025“ dasturi boshlanganligi munosabati bilan, 2025-yil 14-apreldan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishidagi reyslarda Umra vizasiga ega yo‘lovchilarni qabul qilishni to‘xtatadi”, — deyiladi aviakompaniya xabarida.

2025-yil 14-apreldan boshlab aviakompaniya reyslari orqali Saudiya Arabistoniga borayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkentga qaytish chiptasiga ega bo‘lishi va 2025-yil 30-aprelgacha mamlakat hududini tark etishi shart.

Agar 30-apreldan keyin Saudiya Arabistonida qolgan yo‘lovchilar aniqlansa, jarimalar uchun javobgarlik agent yoki yo‘lovchining zimmasiga yuklanadi.

Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi aylanmasiga muvofiq, Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent-Jidda-Toshkent reyslari 2025-yil 30-apreldan boshlab bekor qilinadi.


Avvalroq Spot noqonuniy Umra tadbirlarini tashkil etgan 26 ta turfirma javogarlikka tortilgani haqida yozgandi.

Jinoiy ishlarni sodir qilgan 40 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov jarayonlari olib borilmoqda.