Akademik litseylar bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i tasdiqlandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan akademik litseylarda yakuniy attestatsiyani tashkil etish va o‘tkazish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirildi.
Yakuniy attestatsiyani o‘tkazish uchun davlat attestatsiya komissiyasidan tashqari davlat imtihonlari o‘tkaziladigan har bir fandan alohida imtihon komissiyalari tashkil etiladi. Ular faoliyat yuritishda DAKga bo‘ysunadi.
Imtihonlar barcha ta’lim yo‘nalishlarida ona tili va adabiyot, O‘zbekiston tarixi hamda ta’lim yo‘nalishining namunaviy o‘quv rejasida belgilangan yana ikkita chuqurlashtirilgan fanlardan o‘tkaziladi. Bunda imtihonlar quyidagi ko‘rinishda tashkil etiladi:
- ona tili va adabiyot fanidan — insho,
- matematika fanidan — yozma,
- O‘zbekiston tarixi fanidan — test
- qolgan fanlardan og‘zaki.
Ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, ayrim yo‘nalishlarda chuqurlashtirilgan fandan davlat imtihoni ijodiy imtihon ko‘rinishida o‘tkazilishi mumkin.
Endilikda davlat imtihonlari materiallari hamda mezonlari, ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi komissiyalar tomonidan ishlab chiqiladi, DAK uni tasdiqlashi kerak.
Avvalroq sentabrdan O‘zbekistonda xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qiz saralab olinadi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.