Avvalroq 16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Unda ijtimoiy soha masalalar ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari tibbiyotda Andijon brendini yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.

Bu borada o‘tgan yili 650 o‘rinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga o‘tkazilib, uni ta’mirlash va jihozlashga 180 mlrd so‘m berildi. Natijada 11 ming talaba bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham amaliyot o‘tashi mumkin bo‘ldi.

Institutdagi simulyatsion markazda tibbiyot xodimlari malakasini 2 bosqichda baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya bo‘limini qurib, klasterga aylantirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Bunga yana 100 mlrd so‘m ajratiladi. Simulyatsion markazda sinovdan o‘tgan tibbiy xodimlarga qo‘shimcha 100% ustama beriladi.

Hozir 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab o‘qiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanadi. Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqilib, Andijon tibbiyot institutiga universitet maqomi beriladi.

Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib o‘qimoqchi bo‘lganlar hisobiga, viloyatda tibbiy ta’lim eksportini yiliga $20 mlndan oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy qilish bo‘yicha bir oyda taklif kiritish topshirildi

Andijondagi 400 dan ziyod mahallada aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlari tashkil qilindi. Bu yerda qon bosimini o‘lchash, ukol qilish, fizioterapiya kabi birlamchi oddiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Prezident bu tajribani ma’qullab, mutasaddilarga bu yil ushbu tizimni qolgan viloyatlardagi kamida 100 tadan mahallada yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdi.

Andijonda xususiy klinikalar tashkil etish uchun 6 oy davomida sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 yil muddatga ijaraga beriladi, keyinchalik bu obyektlar ularning o‘ziga xususiylashtirib olishlari mumkin bo‘ladi.

Andijondagi 56 ta texnikumning barchasida ham ishlar yangicha tashkil etilmayotgani qayd etildi. Masalan, Andijon 4-son texnikumi va Paxtaobod 2-son texnikumida talabalarning bir vaqtning o‘zida o‘qishi va ishlab, daromad topishi bo‘yicha ijobiy tajriba yaratilgan.

Maktablardagidek o‘z ustida ishlab, salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan direktorlarni rag‘batlantiradigan tizim endilikda texnikumlarda ham joriy qilinishi belgilandi.

Avvalroq Andijonda Bobur shahri tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha uchun $250 mln kapitalga ega jamg‘arma tuzilib, unga har yili qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirilib boriladi.