Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalarni belgilash zarurati bilan qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Deputat Shahnoza Xolmaxamatova dunyoda SI texnologiyalaridan foydalanish va ularni moliyalashtirish hajmi oshganini qayd etdi. 2023-yilda butun dunyoda SI sohasiga $154 mlrd investitsiya jalb qilingan, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich ikki barobar oshgan. 2030-yilga kelib investitsiyalar hajmi 10 barobar oshishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, u butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, inson huquqlari va shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligiga tahdidlarni yuzaga keltira boshlaganini ta’kidladi.

2024-yilda dunyoda SI’dan foydalanib, taniqli shaxslarning foto, video va audio yozuvlarini soxtalashtirish 50 barobarga oshgan. O‘zbekistonda 2023-yilda 1 129 ta, 2024-yilda esa 3 553 SI yordamida ishlov berilgan noqonuniy materiallar internet orqali tarqatilgan. Aholi ishonchiga kirish uchun o‘zga shaxslarning qiyofasi va ovozidan foydalanilgan.

SI’dan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan loyiha bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, unda “sun'iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berilib, sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maxsus vakolatli organ vazifalari belgilanmoqda. Shuningdek, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida SI’dan foydalanishning umumiy qoidalari loyihaga kiritilgan.

jarima, qonun loyihasi, qonunchilik, sun'iy intellekt, texnologiyalar

“SI texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish talabi belgilanyapti. Shu bilan birga, SI orqali qonunga xilof ravishda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni OAV, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyati kiritilmoqda. Bu talab bajarilmasa, ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda”, — dedi Xolmaxamatova.

Shuningdek, sun’iy intellekt orqali yaratilgan axborot resurslari va SI texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarini buzmasligiga oid talab kiritiladi. Insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqat SI orqali yaratilgan axborot resurslari va SI’da ishlovchi tizimlar xulosasiga tayanilmasligi belgilanmoqda.

Loyihani ishlab chiqishda AQSh, Kanada, Yevropa, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va MDH davlatlari tajribasi o‘rganilgan. Majlisda deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib, takomillashtirish, puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohalari hamda takliflarini bildirdi.

Deputat Zafar Xudoyberdiyev sun’iy intellekt orqali yaratilgan axborotni markirovkalash qanday bo‘lishi bo‘yicha savol bilan yuzlanib, qonunosti hujjatida takliflar berilishi kerakligini, loyihada markirovkasiz axborot tarqatganlik uchun javogarlik nazarda tutilmayotganini ta’kidladi.

Shahnoza Xolmaxamatova loyiha bilan qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish, unda markirovkalash tartibi belgilanishini qayd etdi.

Deputat Ilhom Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, qonun loyihasi taqiqlash, nazorat qilish yoki cheklashga emas, balki huquqiy maydonga sun’iy intellekt tushunchasini kiritib, o‘yinning asosiy qoidalari va asosiy subyektlarini aniqlashga qaratilgan.

Deputat Alisher Qodirovning aniqlik kiritishicha, ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasiga 2-qo‘shimcha kiritilmoqda.

Xususan, bu sun’iy intellektdan foydalanib, shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov bergan va tarqatgan shaxslarning ish qurollari musodara qilinishini, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish yoki BHMning 50 baravari (18,75 mln so‘m) dan 100 baravari (37,5 mln so‘m) gacha miqdorda jarima solishni nazarda tutadi.

Yil boshida O‘zbekiston 2025-yilda sun’iy intellekt sohasidagi etika standartlarini integratsiya qilishni rejalashtirayotgani hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi ishga tushirilishi ma’lum qilingandi.

7-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida so‘zlagan nutqida ittifoq doirasida sun’iy intellektdan foydalanish etikasini ishlab chiqishni taklif qildi.