15-aprel kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Asterium kompaniyasiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati uchun yana bir litsenziyani berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, agentlik direktorining joriy yil 14-apreldagi tegishli buyrug‘i bilan kompaniya O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi uchinchi kripto-birjaga aylandi.

Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan.

Shu kungacha mamlakatda faqat ikkita kripto-birja — xorijiy Kobea Group va Coinpay faoliyat yuritib kelgan. Xususan, ikkinchi kripto-birja ilgari bloklangan Binance kripto-birjasi bilan birgalikda rezidentlar bank kartalari orqali milliy valyutada operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan platformani ishga tushirdi.

Joriy yilning mart oyida Asterium kompaniyasi kripto-do‘kon hamda kripto-depozitariy faoliyatlari uchun litsenziya olgandi.

Kripto bozor talablari

2024-yilning dekabrida agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida hisoblanadi.

Bunda har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:

  • mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
  • kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
  • kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
  • kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).

ILMA boj miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar tavsiyalari asosida belgilangani qayd etdi. Shuningdek, bu mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lishi nazarda tutilgan.

Joriy yil boshida kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan buxorolik 17 yoshli yigit ishi yopilgandi.