15-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijondagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish 8 bosqichda rejalashtirigan bo‘lib, hozirda 1 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan.
Shu bilan birga, 1 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan. 2025-yilda mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi 4 000 metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.
19 gektar maydonda Yangi O‘zbekiston bog‘i barpo etilib, 10 000 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Bu yerda amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ bo‘ladi. Vatanparvar bog‘ida Vatanga qasamyod monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari tashkil etiladi.
Hududning 1 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin.
Yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalariga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yangi shaharda o‘tkazilgan tadbirda nutq so‘zlab, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berish tashabbusini ilgari surdi.
Bu shaharda Bobur nomidagi ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT-parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Oliygoh tarkibida sport kompleksi quriladi.
“Nafaqat vodiy, balki mamlakatning turizm va madaniyat markaziga,"yashil infratuzilma” asosida qurilgan “smart-siti”, ya’ni, aqlli shaharga aylantiramiz", — dedi prezident.
Belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun dastur qabul qilinib, $250 mlnlik dastlabki kapitalga ega alohida jamg‘arma tashkil qilinadi. Jamg‘armaga har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga megaloyihani bir oydan kechikmay boshlash yuzasidan topshiriq berildi.
2021-yilning iyun oyida Yangi Andijon shahri qurilishi boshlangan. Kommunikatsiya tarmoqlarini boshlashga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $100 mln ajratilishi belgilangandi.
Undan keyin yangi shaharni Andijon shahri biln bog‘lovchi jamoat transporti tarmog‘i konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Avvalroq Andijonda joriy yilda $5,7 mlrdlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.