14-aprel kuni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasini mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilanadi.

Shu bilan birga, qurilish, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish hamda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida nazorat funksiyalari to‘liq raqamlashtiriladi. Xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tizimi mexanizmlari shakllantiriladi.

2025-yilning 1-mayidan tadbirkor hamda hududiy inspeksiyalar o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, qurilish obyektlarida qisqa muddatli nazorat tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va Yagona davlat nazorati tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Inspeksiyaga xo‘jalik yurituvchilarning moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashish qat’iyan taqiqlanadi.

1-iyuldan barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi obyektlari majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkaziladi. Bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish obyektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, joriy yilda tajriba-sinov tarzida Qashqadaryo viloyatida budjet mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan obyektlarga videokameralar o‘rnatiladi. Iyuldan boshlab qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat tadbirlari mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlar orqali amalga oshiriladi.

1-sentabrdan har bir qurilayotgan obyektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi. Bu orqali quruvchi, ishning tugash muddatlari, hujjatlar va ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarni, yerto‘lalarni qayta qurish va rejalashtirishda shaharsozlik normalarini buzib, uyning konstruktiv qismlari va tayanch devorlariga o‘zgartirish kiritish, buzish hamda binoning zilzilaga bardoshliligiga salbiy ta’sir qiluvchi ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.

2024-yil boshida mamlakatda o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va O‘zbekkosmos boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi.

Sentabrga kelib, pala-partish qurilish ko‘payib, aholida e’tirozlar yuzaga kelgani uchun vazirlik va inspeksiya hamda Bosh prokuraturaga byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Joriy yil boshida qabul qilingan qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni bilan nazorat inspeksiyasiga noqonuniy reklamalarni aniqlash topshirildi.