Google’ning Android mobil operatsion tizimi endi telefon ketma-ket uch kun qulflangan holda qolsa, avtomatik ravishda qayta ishga tushadi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Kompaniya 14-aprel kuni Android’ning asosiy qismi hisoblangan, ilovalar va operatsion tizimning funksionalligini ta’minlovchi Google Play xizmatlari uchun yangilanishlarni taqdim etdi.

“Xavfsizlik va maxfiylik” bo‘limida yangi xavfsizlik xususiyati haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, unga ko‘ra qurilma ketma-ket 3 kun davomida qulflangan holda qolsa, u avtomatik ravishda qayta ishga tushiriladi.

9to5Google'ning qayd etishicha, yangilik Android’dagi smartfonlar va planshetlarga ta’sir qiladi, biroq “aqlli” soatlar va televizorlarga ta’sir qilmaydi.

Bu funksiya “bir-ikki hafta ichida” chiqadigan 25.14 Google Play Services yangilanishining bir qismi bo‘ladi.

O‘tgan yili Apple iOS uchun xuddi shunday funksiyani ishga tushirgan edi. Ma’lum muddat harakatsizlikdan so‘ng avtomatik qayta ishga tushirishni qo‘shishdan maqsad, telefonni qulfdan chiqarishga yoki undan ma’lumot olishga urinayotgan shaxslar ishini murakkablashtirish edi.

Telefon yoqilmasdan va qulfdan chiqarilmasdan oldin undagi ba’zi ma’lumotlar to‘liq shifrlangan bo‘ladi va ularga foydalanuvchi parolisiz kirish ancha qiyin. Bu holat “Birinchi qulfdan chiqarishgacha” deb ataladi.

Qulfdan chiqarilgandan so‘ng, ayrim ma’lumotlar shifrdan ochiladi va ularga parolni tanlash yoki xavfsizlik zaifliklaridan foydalanish orqali kirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Bu odatda huquqni muhofaza qilish organlarining kriminalistik qurilmalari ishlash tamoyili hisoblanadi. Bu holat “Birinchi qulfdan chiqarishdan keyin” deb nomlanadi.


Avvalroq Spot Google Android smartfonlarida ovozli yordamchi xizmatini o‘chirishi haqida yozgandi.

Biroq Google xizmatni o‘chirishning aniq muddatini aytmadi, uning o‘rnini Gemini chat-boti egallashi ma’lum bo‘ldi.