Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil bo‘yicha rasman faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) matbuot xizmati xabar berdi.
13-aprel kuni Xitoyning Leapmotor Automobile Co. Ltd. kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va UzTest’ga rasmiy murojaat xati yuborildi.
Unda kompaniya mamlakat hududiga ruxsatsiz distribyutorlar orqali olib kirilgan C16 avtomobilidagi holatini tan olib, uni bartaraf etish choralarini ko‘rishga tayyor ekanligini bildirgan.
Xatga ko‘ra, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekistonda faoliyatini faqat rasmiy distribyutor orqali davom ettiradi. Norasmiy olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan tan olinmaydi hamda ularga rasmiy kafolat va xizmatlar taqdim etilmaydi.
Shuningdek, Leapmotor turni tasdiqlash hujjatini olish bo‘yicha sinov jarayonlari tez fursatda yakunlanishini tasdiqlagan. Kompaniya kelgusida UzTest bilan sifat nazoratini kuchaytirish uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Bundan ikki kun oldin, 14-aprel kuni Leapmotor avtomobillarini sertifikatlashga qo‘yilgan cheklov olib tashlangandi. Avtomobil belgilangan qoidalarga muvofiq deb topilib, shartli ravishda mamlakatda savdoni amalga oshirishga ruxsat berildi.
Xususan, O‘zbekistonda kompaniyaning rasmiy vakilini belgilash, barcha avtomobillar turini ma’qullash uchun hujjatlarni taqdim etish hamda ishlab chiqarish jarayonini o‘rganish majburiyati yuklatildi.
Nima bo‘lgandi?
Mart oyi oxirida O‘zstandart tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi. Sinovlar M1 toifasidagi Leapmotor C16 rusumli avtomobili belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermasligini ko‘rsatgan.
Undan keyin Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillari sertifikatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlarxitoylik mutaxassislar ishtirokida qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Leapmotor O‘zbekistonda avtomobillarini sertifikatlash to‘xtatilganiga rasmiy bayonot bilan chiqib, sinovdan o‘tkazilgan avtomobil holati va talablar bo‘yicha aniq ma’lumotlar mavjud emasligini, avtomobil kompaniya tomonidan taqdim etilmaganini bildirdi.
“Shu sabab ham, uning natijalari yuzasidan e’tirozlarimiz bor”, — deyiladi xabarda. Shuningdek, kompaniya Texnik tartibga solish agentligi bilan qayta sinov o‘tkazish ustida ish olib borilayotganini qayd etgan.
Avvalroq UzTest Piskent avtopoligonida avtomobillar sinovdan o‘tkazilishi haqidagi video xabarlarga munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.