O‘zbekistonda yangi piyoz hosili sotuvga chiqishi bilan o‘tgan yilgi piyoz narxi oshmoqda, deya xabar bermoqda EastFruit mutaxassislari.
Toshkentning ulgurji bozorlarida yangi hosil piyozining birinchi yirik partiyalari, bir vaqtning o‘zida va o‘tgan yilgidek narxda paydo bo‘ldi. Biroq, shu bilan birga, o‘tgan yilgi piyozning ulgurji narxlarida keskin o‘sish qayd etildi.
Narxlar monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 11-aprel holatiga ko‘ra, yangi hosil piyozining o‘rtacha ulgurji narxi kilogrammi uchun 5000 so‘m ($0,39) ni tashkil etdi. Shu bilan birga, 4-apreldan 11-aprelgacha bo‘lgan bir hafta ichida o‘tgan yilgi piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 50%ga oshib, kilogrammi uchun 2000 so‘mdan 3000 so‘mgacha ($0,15dan $0,23gacha) ko‘tarildi.
2024-yilning shu davrida yangi hosil piyozining birinchi ulgurji partiyalari paydo bo‘lishi bilan o‘tgan yilgi hosil piyozining narxi, aksincha, pasaygan.
O‘tgan yilning aprel oyi birinchi o‘n kunligida ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi chorakka — 2000 so‘mdan 1500 so‘mgacha ($0,16dan $0,12gacha) arzonlashgan. Bunday pasayish qisqa muddatli bo‘lgan va keyinchalik o‘rtacha ulgurji narx tezda 2000 so‘m/kg ($0,16) darajasigacha tiklangan.
Mutaxassislar o‘tgan yilgi hosildan olingan piyozning ulgurji narxlari o‘sishi qisqa muddatli bo‘ladimi yoki yo‘qmi — hozircha aytish qiyin deya ta’kidlashmoqda.
Biroq, bu allaqachon joriy mavsumda piyoz narxlarining o‘zgarishi, EastFruit tahlilchilari avvalroq ta’kidlaganidek, ertapishar sabzavotlar narxlarining an’anaviy dinamikasidan farqlanishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yangi hosil piyozi narxlari rekord darajaga yetgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, narxlarning yuqori bo‘lishining asosiy sababi ertaki kuzgi piyoz ekin maydonlarining sezilarli darajada qisqargani hisoblanadi.