O‘zbekistonda har oy Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan iste’mol narxlari indeksi taqdim etib boriladi. Buning uchun esa mamlakat bo‘ylab savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari tanlab olinib, ulardagi oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar tahlil qilinadi.
Milliy statistika qo‘mitasining narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov Spot bilan suhbatda monitoring jarayonlari qanday amalga oshirilishi borasida so‘zlab, inflyatsiyani aniqlashda narxlar qanday shakllantirilishini ko‘rsatib berdi.
Reportajning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:
Muxtor Umarov narxlarni kuzatish uchun birinchi navbatda tovar va xizmatlar ro‘yxati shakllantirilishini qayd etdi. Hozirda bu ro‘yxatga mamlakat bo‘ylab 510 turdagi tovar va xizmatlar kiritilgan. Shundan 170 tasiga oziq-ovqat mahsulotlari, 250 tasi — nooziq-ovqat tovarlari hamda 90 tasiga xizmatlar kiradi.
Ikkinchi bosqichda tanlab olingan mahsulotlarni o‘rganish uchun savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari belgilanadi. Bunda esa xizmatlar yetarli darajada bo‘lgan, mahsulotlar doimiy sotiladigan hamda aholi muntazam xaridni amalga oshiradigan joylar tanlab olinadi.
“Bu bo‘yicha mamlakatning 67 ta tuman va shahri tanlangan bo‘lib, ularga 4 mingdan ortiq oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar ko‘rsatuvchi obyektlar kiradi. O‘z navbatida, bu obyektlardagi 10 mingdan ortiq savdo nuqtalari belgilab olingan. Masalan, ushbu Eski juva (Chorsu) dehqon bozori bitta obyekt hisoblansa, unga 50 dan ortiq savdo joylari kiradi”, — dedi u.
Tanlab olingan nuqtalardagi mahsulot yoki xizmat narxi planshetlar yordamida maxsus dasturga kiritib boriladi. Bunda narxlarni o‘rganuvchi xodim sotuvchilardan og‘izaki tazrda mahsulot narxlarini so‘raydi hamda tegishli tartibda tizimga kiritadi.
Agar xodim aynan tizimda belgilangan savdo nuqtasiga bormasdan ma’lumotlarni dasturga kiritmoqchi bo‘lsa, tizim ishlamaydi. Belgilangan obyektga borgachgina, mahsulot haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritish mumkin. Umarovning ta’kidlashicha, bu xavfsizlik nuqtai nazarida ishlab chiqilgan.
Dasturiy ta’minot orqali qayd etilgan mahsulotlarning narxlari bo‘yicha ma’lumotlar qo‘mitaning markaziy serveriga kelib tushadi. Undan keyin mutaxassislar tomonidan tanlangan obyektlardan yig‘ilgan har bir mahsulotning o‘rtacha narxi shakllantiriladi.
“Agar Toshkent shahri miqyosida oladigan bo‘lsak, hozirda 200 dan ortida savdo obyektlaridagi 1 000 ga yaqin savdo rastalarida narx-navoni o‘rganamiz. Bunga o‘ndan ortiq bozorlar bilan birga, do‘konlar, supermarket va minimarketlar ham kiradi”, — boshqarma boshlig‘i.
Shuningdek, Muxtor Umarov tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida, bitta mahsulot doirasida, agar oziq-ovqat narxi o‘rganilsa, uning navlari va turlari bo‘yicha ham bir nechta narxlar hisobga olinishini qo‘shimcha qildi. Shu tarzda mahsulot yoki xizmatlarning oldingi oylarga nisbatan qanchaga o‘sgani yoki aksincha, tushgani aniqlashadi.
Avvalroq Markaziy bank inflyatsiya kalkulyatorini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.