Yangi yuqori bojlar tufayli Tesla o‘zining ikkita asosiy loyihasi — Cybercab elektr taksisi va Semi yuk mashinasi uchun Xitoydan butlovchi qismlar yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatdi.

Dastlab kompaniya 34%lik bojxona to‘lovlari haqida so‘z borganda, ortiqcha to‘lashga tayyor edi. Ammo keyinchalik ularning umumiy miqdori 145%gacha oshirilishi Xitoydan qismlar importini haddan tashqari qimmatlashtirdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Bu yangi modellarni ishga tushirish muddatlarini xavf ostiga qo‘ymoqda: sinov ishlab chiqarishi oktabr oyida, ommaviy ishlab chiqarish esa 2026-yilda boshlanishi kerak edi. Cybercab Texasda, Semi esa Nevada shtatida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi.

Tesla uzoq vaqtdan beri AQSh ishlab chiqaruvchilaridan ko‘proq qismlarni xarid qilishga intilmoqda, biroq ba’zi muhim komponentlar hali ham Xitoydan keltirilmoqda.

Buning ustiga, Xitoy Amerika mahsulotlariga 125%lik javob bojlarini joriy etdi, shundan so‘ng Tesla Model S va Model X uchun yangi buyurtmalarni qabul qilishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

The Washington Post gazetasining xabar berishicha, Ilon Mask Donald Trampni yangi bojxona to‘lovlaridan voz kechishga shaxsan ishontirishga harakat qilgan, ammo bu urinishlari natijasiz qolgan.

Shundan so‘ng u o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida prezidentga qarshi ochiq chiqish qildi: avvaliga erkin savdoni himoya qiluvchi videoni joylashtirdi, keyinroq esa “tarif urushining me’mori” deb atalgan Piter Navarroni qattiq tanqid ostiga oldi.


Avvalroq Spot Tesla qariyb 50 ming Cybertruck’ni qaytarib olgani haqida yozgandi. Qaytarib olishga avtomobillarning tashqi qoplamasi tushib ketgani sabab bo‘lgan.