O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etilishi mumkin. Bu haqda 16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Unda har yili Andijondan Qirg‘izistonga $200 mlnlik eksport amalga oshirilayotgani qayd etildi. Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobod tumanlarida ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Prezident mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqishni topshirdi.
Xo‘jaoboddagi Do‘stlik postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga e’tibor qaratildi. Mas’ul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini o‘rganib, tez fursatda buning yechimi bo‘yicha taklif berish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lini qurish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kmga qisqarishi, yuk tashish 10 barobarga oshishi kutilmoqda.
“Lekin, ichki temir yo‘l tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va o‘tkazishga qanchalik tayyor?”, — deya savol qo‘ydi davlat rahbari. Mutasaddilarga hisob-kitob qilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.
Yig‘ilishda bir haftada Andijonda 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlangani, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayotgani qayd etildi. “Bu obyektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi”, dedi prezident.
Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor $20 mlnlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi.
Andijon tumani O‘rikzor mahallasidagi ta’mirtalab “O‘quvchi yoshlar markazi” auksionga qo‘yilsa, bu yerga $35 mln investitsiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat ta’lim klasteri yaratish istagida bo‘lgan tadbirkorlar ham bor. Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.
“Hammani qattiq ogohlantiraman — tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat “profili"ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi”, — dedi Prezident.
Shuningdek, Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishida viloyatning Tojikiston bilan chegara hududida Termizdagi kabi savdo zonasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Andijonda Bobur shahri tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha uchun $250 mln kapitalga ega jamg‘arma tuzilib, unga har yili qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirilib boriladi.