AQSh prezidenti Donald Tramp uning ma’muriyati “o‘zini o‘zi deportatsiya qilish” dasturini yaratayotgani haqida ma’lum qildi. Bu haqda NBC News nashri xabar berdi.

Fox Noticias telekanaliga bergan intervyusida Tramp dastur doirasida Qo‘shma Shtatlar muhojirlarning mamlakatni tark etishlari uchun stipendiya va samolyot chiptasini taqdim etishini aytdi.

U, shuningdek, hukumat muhojirlar “o‘zlarini yaxshi tutgan taqdirda” Qo‘shma Shtatlarga qaytishlari uchun ular bilan hamkorlik qilishini ta’kidladi.

“Biz ularga ozgina pul va samolyot chiptasi beramiz, so‘ng ular bilan ishlaymiz. Agar ular o‘zlarini yaxshi tutsa va biz ularning qaytishini istasak, imkon qadar tezroq qaytishlari uchun ular bilan hamkorlik qilamiz,” deb ta’kidladi AQSh prezidenti.

Ma’muriyat amaldorlari muhojirlarni o‘z ixtiyori bilan deportatsiya qilishga undamoqda, Ichki xavfsizlik vazirligi esa ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ishtirokidagi ko‘p million dollarlik reklama kampaniyasini yo‘lga qo‘ydi.

Mart oyi boshida AQSh migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilovani ishga tushirgandi.

U mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan muhojirlarga ehtimoliy ushlash va qamoqqa olishdan qochish uchun mamlakat hududini o‘z ixtiyori bilan tark etish imkonini beradi.

“CBP Home” deb nomlangan yangi mobil ilova foydalanuvchi “ketish niyati” haqida xabar berishi mumkin bo‘lgan funksiyani o‘z ichiga oladi, deya xabar berdi AQSH bojxona va chegara nazorati xizmati.

“CBP Home ilovasi chet elliklarga kelajakda qonuniy ravishda qaytib kelish va Amerika orzusini amalga oshirish imkoniyatini saqlab qolgan holda ixtiyoriy ravishda ketish imkoniyatini beradi. Agar ular buni qilmasa, biz ularni topamiz, deportatsiya qilamiz va ular boshqa hech qachon qaytib kelmaydi,” — dedi ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.

Tramp saylovoldi kampaniyasi paytidayoq noqonuniy muhojirlarni keng ko‘lamli deportatsiya qilishga va’da bergan edi. Biroq uning ikkinchi muddatining dastlabki haftalari Jo Bayden prezidentligining so‘nggi yilida qayd etilgan ko‘rsatkichlarga erishish kutilganidan ham qiyinroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Yangi muddatning birinchi oyida Tramp o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatda ayblangan yoki sudlangan shaxslar orasida hibsga olishlar sonini ikki baravarga oshirdi.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish uchun uning ma’muriyati Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) faoliyatini kuchaytirdi, shuningdek, yangi mexanizmlarni, jumladan, jinoiy o‘tmishga ega bo‘lmagan muhojirlarni ushlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etdi.