Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-maydan ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan banklarga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Shu jumladan, ularga kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing shartnomalari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotish imkoniyat beriladi.

Tijorat banklariga qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga qabul qilingan bino-inshootlar, texnologik uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali to‘xtab qolgan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) faoliyatini tiklab, ularni tayyor biznes sifatida salohiyatli investorlarga sotish huquqi beriladi.

1-sentabrdan da’vo arizasi bo‘yicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun da’voning maksimal bahosi quyidagicha belgilanadi:

  • jismoniy shaxslarga nisbatan BHMning 50 baravarigacha;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 100 baravarigacha;
  • yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 150 baravarigacha.

Prezident 2024-yil dekabr oyida kambag‘allikni qisqartirishda bank sektorining hissasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda garov mulki mavzusiga to‘xtalib o‘tgan edi. Unda kredit muassasalari balansida 3 mingga yaqin foydalanilmayotgan tijorat aktivlari mavjudligi qayd etildi

Shavkat Mirziyoyev banklarni resurslar bilan ta’minlash uchun mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berish, shuningdek, investorlarga “tayyor holda topshirish” uchun korxonalar tashkil etishni taklif qildi. Bundan tashqari, davlat rahbari garov undirish soddalashtirilishini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot ayrim tadbirkorlarga 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berilishi haqida yozgandi.

Bunda o‘z faoliyatini YTT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlar garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 1-maydan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar YTT yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda davlat boji undirilmaydi: