Fitch Ratings O‘zbekiston bank sektoriga xos tarkibiy xatarlarni aniqladi. Bu haqda 16-aprel kuni reyting agentligining konferensiyasida Fitch bank sektori bo‘yicha direktori Pavel Kaptel ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kreditlar (42%) va omonatlar (25%) dedollarizatsiyasi kuzatilmoqda. Biroq, Fitch dollarlashuvning hozirgi holatini “juda yuqori daraja” deb baholamoqda — bu agentlik faoliyat yuritayotgan MDH mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekanligini ta’kidladi Pavel Kaptel.
“Bizning fikrimizcha, ko‘plab valyuta kreditlari davlat sektoriga berilganligini hisobga olsak, bu bank sektori aktivlari sifati uchun potensial risklarni yuzaga chiqaradi. Mamlakatda, aslida, valyuta xavflarini xedjirlash tizimi hali ham rivojlanmagan. Shu sabab, salbiy vaziyat yuz berganda, ya’ni milliy valyuta qadrsizlanganda, bu banklar uchun muammolar keltirib chiqaradi”, — dedi u.
Yana bir risk bank sektori, ayniqsa davlat banklari aktivlari sifatining yomonlashuvi bo‘lib, Fitch buni asosiy masalalardan biri deb hisoblamoqda. Kaptel buning sabablari qatorida ilgari berilgan muammoli kreditlarni (NPL) tan olish va muammolarni faolroq aniqlayotgan banklarning risk amaliyoti hamda risk-menejmenti sezilarli darajada takomillashtirilganini keltirdi.
Fitch prognozlariga ko‘ra, 2025 yoki 2026-yillarda to‘lov muddati 90 kundan ortiq kechiktirilgan kreditlar darajasi (MHXS bo‘yicha 3-bosqich) o‘zining eng yuqori nuqtasiga — agentlik hamkorlik qilayotgan banklarning umumiy kredit portfelining 9−10%iga yetadi va shundan so‘ng muddati o‘tgan kreditlarning hisobdan chiqarilishi yoki qaytarilishiga qarab asta-sekin pasaya boshlaydi.
“Muammoli kreditlarning eng yuqori darajasi eng murakkab segment — imtiyozli kreditlash funksiyasini bajaruvchi davlat banklarida qayd etilmoqda. Ko‘rishimiz mumkinki, so‘nggi yillarda ushbu banklar katta hajmdagi muammolarni tan olishgan va shunga mos ravishda ular uchun katta hajmdagi zaxiralarni yaratishga majbur bo‘lishgan, bu esa ularning daromadlariga ta’sir ko‘rsatgan. Davlat banklarining ba’zilari so‘nggi bir necha yil ichida zarar ko‘rmoqda”, — dedi Fitch vakili.
Pavel Kaptel so‘nggi 5 yil ichida bank sektoriga ajratilgan $2 mlrdlik davlat yordamini “salmoqli” deb baholadi. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamning asosiy qismi imtiyozli kreditlash vazifasini bajaruvchi banklarga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu mablag‘lar zararlarni qoplash, muammoli kreditlarni zaxiralash va banklarning kapitallashuvini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, u xususiylashtirishga qo‘yilgan “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank” va “Aloqabank” o‘z kapital yetarliligi darajasini saqlab qolish uchun kamroq yordam olganligi haqida qo‘shimcha qildi.
Yana bir tarkibiy kamchilik sifatida Pavel Kaptel bank sektorining, ayniqsa, davlat banklarining tashqi moliyalashtirishga qaramligini ta’kidladi, uning fikricha, bu hozirgi beqaror davrda ayniqsa dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Masalan, imtiyozli kreditlar berish bilan shug‘ullanuvchi davlat banklarini moliyalashtirishning 70%dan ortig‘i tashqi moliyalashtirish va davlat jamg‘armalariga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida, xususiy banklarda moliyalashtirishning 58%i aholi omonatlari hisobidan ta’minlanadi.
“Biz qisqa muddatli istiqbolda xatarlar kam deb hisoblaymiz, chunki bu mablag‘larning asosiy qismi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va banklardan uzoq muddatga hamda maxsus imtiyozli shartlar asosida olingan”, — dedi u.
Avvalroq Spot Fitch O‘zbekistondagi ayrim davlat banklarining xususiylashtirilishi yana ko‘chirilishini kutayotgani haqida yozgandi. Agentlik joriy yil oxirigacha Aloqabank, Asakabank hamda O‘zsanoatqurilishbankni sotish vazifasini “katta ambitsiya” deb atadi.