Fitch Ratings Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank va Xalq banki aksiyalari paketlarining Franklin Templeton boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishini ijobiy baholadi. Bu haqda 16-aprel kuni reyting agentligi konferensiyasida Fitch bank sektori direktori Pavel Kaptel ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Bizning nazarimizcha, bu banklarning operatsion samaradorligini sezilarli darajada yaxshilashga, korporativ risk-menejment sifatini kuchaytirishga olib kelishi kerak bo‘lgan juda muhim qadamdir. Oxir-oqibat, bu o‘rta muddatli istiqbolda ushbu banklarning aktivlari sifati va daromadliligi bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishiga olib keladi”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning avgust oyida Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Uning asosiy vazifalari sifatida boshqaruvidagi aktivlarning bozor qiymatini oshirish, ularni isloh qilish va xalqaro institutsional investorlarni jalb qilish belgilangan.
Jamg‘armaning ustav kapitalini shakllantirish uchun quyidagi davlat korxonalarining aksiya paketlari berilishi belgilangan:
- Biznesni rivojlantirish banki — 25%;
- Mikrokreditbank (MKBank) — 40%;
- Xalq banki — 30%;
- Uzbekistan Airports — 25%;
- Uzbekistan Airways — 25%;
- Navoiyazot — 25%;
- Milliy elektr tarmoqlari- 40%;
- Hududiy elektr tarmoqlari — 40%;
- Temiryo‘linfratuzilma — 25%;
- Issiqlik elektr stansiyalari — 25%;
- Toshshahartransxizmat — 25%;
- O‘zbekgidroenergo — 20%;
- O‘zbekinvest — 20%;
- O‘zbekiston pochtasi (Uzpost) — 25%;
- O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi — 40%;
- O‘zbektelekom — 25%;
- O‘zsuvta'minot — 40%;
- Hududgazta’minot — 40%.
Fevral oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Milliy investitsiya jamg‘armasining professional boshqaruvchisi sifatida Singapurning Franklin Templeton kompaniyasi — Franklin Templeton Asset Management FE LLC xoldingining sho‘ba korxonasi jalb etilganini ma’lum qilgandi.
2024-yilda ikkita davlat banki — Biznesni rivojlantirish banki (2,2 trln so‘m) va Mikrokreditbank (1,7 trln so‘m) yilni eng ko‘p zarar bilan yakunlagan banklar bo‘ldi. 22-yanvar kuni Markaziy bankda jurnalistlar bilan o‘tkazilgan media-muloqotda davlat banklari vakillari zararlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi.
Buning asosiy sabablari sifatida asosan yuridik shaxslarga berilgan muammoli kreditlar (NPL) keltirilgan. Natijada davlat banklari o‘z kapitali hisobidan zaxiralar yaratdilar — muddat o‘tishi qanchalik ko‘p bo‘lsa, zaxiralar bo‘yicha talab shunchalik yuqori bo‘ladi.
Avvalroq Spot Fitch O‘zbekistondagi 1−2 ta yirik davlat bankini xususiylashtirishning navbatdagi ko‘chirilishini kutayotgani haqida yozgandi.