Endi O‘zbekistonda qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyati bilan litsenziya asosida shug‘ullanish mumkin.
Prezident tomonidan 17-aprel kuni imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga kapital bozorini, sug‘urta bozorini tartibga solish, lotereyalarni tashkil etish bo‘yicha vakolatlar yuklatildi. “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga sug‘urta tashkilotlari rahbariyati va mulkdorlarining ishchanlik obro‘yiga qo‘yiladigan talablar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, lotereyalar, bukmekerlik faoliyati, internet orqali tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kiritildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Qonunchilik palatasi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonuniylashtirish bilan bog‘liq qonun loyihasini joriy yil boshida tasdiqlagandi. Ushbu hujjat Senat tomonidan fevral oyida ma’qullangan.
O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati
2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.
ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.
ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.
Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.
Avvalroq ILMA Asteriumga O‘zbekistondagi uchinchi kripto-birjani ochish uchun litsenziya bergani haqida xabar berilgandi. Mart oyida kompaniya kripto-do‘kon hamda kripto-depozitariy faoliyatlari uchun litsenziya olgandi.