17-aprel kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 442 ming 270 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 211 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 7 mln 211 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 14 mln 423 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 28 mln 845 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 72 mln 651 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 144 mln 227 ming so‘mni tashkil qiladi.
16-aprel kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $3350ga yaqinlashdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $3338,6ni tashkil qildi.
Yil boshidan beri oltin AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi. Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan sotib olinishi bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
“Yahoo! Finance” xabar berishicha, tahlilchilar Oq uyning tarif bo‘yicha qarorlarini hisobga olgan holda oltin narxining yanada ko‘tarilishini kutmoqda. Jumladan, “Macquarie Group” vakili Markus Garvi oltin narxi ayrim hollarda $3500gacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.