O‘zbekistonda Rossiyaning Rutube videoxostingi vaqtincha bloklandi. Bu haqda mahalliy va Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar berdi. Xususan, Spot jurnalistlari ham onlayn xizmatdan foydalanishda muammoga duch keldilar.

Bugun, 17-aprel kuni soat 14:17 da Repost nashri Rutube O‘zbekiston hududida ishlamay qolgani haqida xabar berdi. Platformaga kirishda ekranda “saytga kirish imkonsiz” yozuvi paydo bo‘ldi:

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar Rutube’ga kirishda “Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi qarori (VMQ-707) asosida axborot resursiga cheklov o‘rnatilgan” degan mazmundagi xabar chiqqanini yozishgan.

“Kommersant'"ning yozishicha, Rutube bloklashni rad etib, xizmat mamlakat hududida ishlashda davom etayotganini bildirgan.

“O‘zbekistondan ko‘rishlar soni bo‘yicha o‘zgarishlarni ko‘rmayapmiz. Hozirda u so‘nggi yildagi o‘rtacha kunlik qiymatlar darajasida” — deya Rutube matbuot xizmati nashrga ma’lum qilgan.

raqamli texnologiyalar vazirligi, rutube, videoxosting

Foto: Sputnik Uzbekistan

Bir necha soat o‘tgach, Rutube yana ishga tushdi, ammo keyin saytga kirish yana cheklandi. Soat 17:00 ga kelib onlayn xizmat qayta tiklandi va Rutube sayti cheklovlarsiz ochila boshladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatovning Spot’ga ayni paytda Rutube odatdagi tartibda ishlayotganini xabar berdi. Biroq, u vazirlik vakolatli organ sifatida Rutube’ga nisbatan blokirovka joriy etganmi, degan savolga javob bermadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, Rutube bloklanmagan va onlayn xizmatda texnik nosozlik yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Mart oyida Turkiyada Rutube’ga kirish imkoniyati yo‘qoldi va videoxosting sahifasida turk regulyatori 2025-yil fevralidayoq xostingni bloklashga qaror qilgani haqida bildirishnoma ko‘rsatilgandi. O‘sha vaqtda ham Rutube bloklanishni rad etgan edi.

Avvalroq Spot Temu O‘zbekistonda blokirovkani bekor qilish uchun 46 mlrd so‘m soliq to‘lashi kerakligi haqida xabar berilgandi.