Avvalroq Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Road24 bilan qoidabuzarlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi to‘xtatilganini ma’lum qilib, foydalanuvchilarni yangi Safe Road ilovasiga o‘tishga chaqirgandi.

YHXX matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev Gazeta.uz'ga Road24 bilan YHXX o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi ilova “yaxshi ishlamagani uchun” bekor qilinganini bildirdi. Shuningdek, u “tez orada Safe Road ilovasiga yangi xizmatlar qo‘shilishi"ni qo‘shimcha qilgan.

Road24 axborot tizimi 2021-yilda IIV YHXX hamda Kash App kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan. Tizim foydalanuvchilarga yo‘l harakati qoidalari buzilgani hamda belgilangan jarimalar haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Joriy yilning mart oyida esa YHXX Road24'ga muqobil ravishda Safe Road ilovasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. U orqali jarimalarni boshqarish, sug‘urta muddati, texnik ko‘rik vaqti hamda “tonirovka” haqida ma’lumot olish, avtomobil moyi hamda gaz nazoratini rejalashtirish mumkin.

Bundan tashqari, foydalanuvchilarga turli xizmatlar taklif etiladi. Bular qatorida avtomobillar raqamlarini saqlash, sotilmagan avtoraqamlarni xarid qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ishonchnoma rasmiylashtirish kabilar bor.

Xabar e’lon qilingan vaqtda Safe Road Avtomobillar va transport toifasida O‘zbekiston bo‘ylab eng ko‘p yuklab olingan dasturlar ro‘yxatidan joy oldi. Shu bilan birga, uning Play Market'dagi reytingi 2,2 (bir kun avval 2,9 edi) ga, App Store'da esa 3,3 ga baholangan.

Yangi ilova ishlab chiquvchisi haqida nimalar ma’lum?

Ilova saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mobil dastur ishlab chiquvchisi Autodoc kompaniyasi hisoblanadi. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestrida ushbu kompaniya 2022-yilning iyun oyida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tashkil etilgani qayd etilgan. Autodoc ma’lumotlarni joylashtirish hamda ishlov berish bo‘yicha xizmatlar bilan shug‘ullanadi.

Uning ustav kapitali 500 ming so‘m bo‘lib, 100% ulushi uning yagona ta’sischisi — Karimov Bilol Bahodir o‘g‘liga tegishli. Kompaniya rahbari Sodiqov Sayyodbek Siddiqjon o‘g‘li hisoblanadi. Autodoc saytida uning hamkorlari qatorida Ichki ishlar vazirligi keltirilgan. Sayt faol holatda emas.

O‘z navbatida, App Store’da Safe Road ilovasi Autodoc tomonidan taqdim etilgan bo‘lsa, Play Market’da SSD Software Solutions keltirilgan. Qidiruv tizimlari bunday kompaniya haqida aniq ma’lumotlarni topa olmadi, biroq, natijalar birinchi bo‘lib Smart Soft Development (SSD) kompaniyasi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatdi.

2012-yilning mart oyida Toshkentda tashkil etilgan ushbu kompaniya kompyuter dasturlash sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanadi. 4,66 mlrd so‘m ustav fondiga ega kompaniyaning 40% ulushdori Baymetov Rovshan Kamalovich hisoblanadi. Qolgan ulushi har biri 30% dan G‘ofurov E’zoz Karimovich hamda Xan Aleksey Ruslanovichga tegishli. Smart Soft Development hamkorlari qatorida ham IIV keltirilgan.

Road24 qanday munosabat bildirdi?

Road24 ishlab chiquvchisi Kash App jamoasi yangi ilova ishlab chiqilganiga salbiy munosabat bildirib, dastur yangidan ishlab chiqilmaganini, balki Road24'dan ko‘chirilganini ta’kidlashdi.

“Yangi ilova qildik deyishmoqda, lekin nimasi yangi? Hech narsasi, Road24 ilovasini olib ko‘chirishdi. Yangilik yaratishni bizning jamoa juda yaxshi biladi. Road24 ilovasi tez kunda yangilanadi, sizlar uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi”, deyiladi postda.

Shu bilan birga, ushbu xabarda “YHXX va IIV ga kelsak, davlat tashkiloti bo‘lib hammaga teng imkon berish o‘rniga dadasi kuchli shunga yo‘l beradi. Eski zamonlar qaytdi”, deya keltirilgandi. Ammo keyinchalik bu jumlalar postdan olib tashlangan.

Bundan tashqari, jamoa ijtimoiy tarmoqlarda ilova haqida asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqalayotganini ma’lum qildi. Ishlab chiquvchilar Road24 bilan YHXX o‘rtasida ma’lumot almashinuvi to‘xtatilgani hamda uning o‘rniga boshqa ilova joriy etilganini raqobatga qarshi harakat deb baholadi.

“Road24 ilovasi yo‘l harakati ishtirokchilari uchun tegishli tartibda aktual ma’lumotlarni taqdim etib kelmoqda va ilova bilan bog‘liq hech qanday muammolar yo‘q”, deyiladi xabarda. Shu bilan birga, ishlab chiquvchi mobil ilova shtat rejimida ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, jamoa Telegramdagi kanalida “Xotirjam bo‘ling, ishni davom ettiramiz”, deb post qoldirdi. Kash App jamoasi vaziyat yuzasidan Spot’ga izoh berishdan bosh tortdi.

Spot ekspertlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikr-mulohazalarini bir joyga to‘pladi, shuningdek, vaziyatning huquqiy va ishbilarmonlik jihatlarini o‘rganish maqsadida mustaqil huquqshunoslar, IT-tadbirkorlar va PR-mutaxassislardan izoh oldi.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Madina Ruzmatova,

Tadbirkor, biznes uchun mustaqil PR-Adviser, shaxsiy brend bo‘yicha ekspert, Kerri Bredshou uzbekskogo piara Telegram-kanali muallifi.

Safe Road va Road24 ilovasi bilan bog‘liq vaziyat, afsuski, O‘zbekistondagi ommaviy maydon uchun “odatiy” holat hisoblanadi.

Davlat organi kommunikatsiyalarining shaffof emasligi va biznes-mantiq va iqtisodiyotga zid ravishda istalgan narsani haqiqat deb ko‘rsatish istagi allaqachon matbuot xizmatlarining PR-taqdimotlarida trend va “yo‘l xaritasi” sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ichki ishlar vazirligining qoidalarga zid o‘ynash qarorining adolatliligi haqida fikr bildirmayman, bu yerda hammasi ayon.

Men bu aniq holatdan ancha chuqurroq bo‘lgan, ammo uni juda yaxshi tushuntirib beradigan tizimli muammoga e’tibor qaratmoqchiman. Bu davlat ijro hokimiyati darajasidagi muloqotga yondashuv bo‘lib, kotibiyat tizimiga asoslanadi. Ya’ni, amaldorlar “menejerlik qarorlari va mahsulotlari"ni yaratayotgan bo‘lsa-da, matbuot xizmatlarida “ma'muriy” uslubni saqlab qolishga urinishadi.

Avvallari men muammo faqat matbuot xizmatlaridagi xodimlar bilan bog‘liq deb o‘ylardim. Ammo turli loyihalarda obro‘ yaratish jarayonini chuqurroq o‘rganib, tahlil qilib, tushundimki, aslida gap samarasiz boshqaruv mexanizmlarida ekan. Ya’ni tom ma’noda, idoralar PR-mutaxassislari tashqi aloqalar uchun bitta yechimni gapirishi, asoslashi mumkin, ammo rahbarlarning tazyiqi yoki fitna-fasodlari ostida oxir-oqibat “topshiriqni bajarishi” mumkin. Va mana shu yerda juda ko‘p loyihalar, negizida oqilona g‘oyalar yotgandek ko‘rinsa-da, barbod bo‘ladi.

Biznes vazifasiga biznesga oid bo‘lmagan boshqaruv usulini yoki menejmentga nisbatan qarama-qarshi bo‘lgan “post-sovetcha” qarorlarni qo‘llash mumkin emas: bu nomuvofiqlikdir. Global miqyosda ikkinchi raqobatdosh ilovaning ishga tushirilishi barcha haydovchilar uchun ko‘plab foyda keltiradi. Ammo aloqa vositalari borasida mutlaqo muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Bunday holat nima sababdan yuz bergani haqida ma’lumotga ega emasman, ammo men aytayotgan tendensiyani ko‘plab rasmiy matbuot bayonotlarida, uzr so‘rashlarida va keyinchalik ushbu bayonotlarning “bekor” qilinishida kuzatish mumkin.

Ushbu holatda butun dunyo miqyosida idoraga juda samarali obro‘ qozonish imkoniyati mavjud: xatoni ochiqchasiga tan olish, hozirda ommaviy zarar ko‘rgan tadbirkorlarga tovon to‘lash yoki har ikki tomon uchun murosali yechim topish. Bularning barchasini jamoatchilikka e’lon qilish lozim.

Ammo, ishonchim komilki, bunday reaksiyani kutish befoyda va biz, afsuski, yana bir istiqbolli startap yechimini, yana bir yirik tadbirkorning mamlakatimizga bo‘lgan ishonchini va eng muhimi, xalqaro biznes-hamjamiyatining ishonchini yo‘qotyapmiz. Biz mamlakatga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun juda ko‘p resurslar sarflayotgan bo‘lsak-da, negadir mahalliy investorlarni ularning sanoat va iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasini hisobga olmagan holda osongina “qo‘ldan chiqar

IT Park va Raqamli texnologiyalar vazirligi bu holatga qanday munosabat bildirishi juda qiziq, negaki ularda PR nuqtai nazaridan juda ilg‘or jamoa ishlaydi. Chunki hozirgi kunda butun soha bilvosita obro‘sini yo‘qotmoqda va bu ikki idora ham uning asosiy drayveri sifatida ta’sir ostida qolmoqda.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Anastasiya Filippova,

IT Park Uzbekistan'da startaplar, venchur investitsiyalari va mahalliy IT-xizmatlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i.

IT Park Uzbekistan tarmoqlarda tarqalayotgan Road24 mobil ilovasiga oid noto‘g‘ri ma’lumotlardan xavotirda.

Biz ommaviy axborot vositalari vakillari va foydalanuvchilarni raqamli gigiyenaga rioya qilishga, tekshirilmagan manbalarga tanqidiy yondashishga va faqat kompaniyaning rasmiy bayonotlariga e’tibor qaratishga chaqiramiz.

Bunday holatlar startaplar uchun o‘z intellektual mulkini o‘z vaqtida himoya qilish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-357-sonli qarori doirasida startap ekotizimi ishtirokchilari uchun patentlash xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan. Bu innovatsion mahsulotlar bilan, shu jumladan, davlat xizmatlari va ma’lumotlar bilan bog‘langan holda ishlaydigan startaplar uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi.

IT Park Uzbekistan texnologik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash instituti sifatida qiyin vaziyatlarga tushib qolgan startaplarga zarur uslubiy, huquqiy va tashkiliy yordam ko‘rsatishda hamda shaffof va adolatli ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga ko‘maklashishda davom etadi.

Vaziyatni chuqurroq tushunish uchun IT Park Uzbekistan vakillari Road24 startapi vakillari bilan bog‘lanishdi. 14-aprel kuni loyihaning rasmiy sahifasida bayonot e’lon qilindi, unda startap jamoasi qo‘shimcha tushuntirishlar va yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirdi.

Biz voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz va ekotizimda shaffoflik hamda o‘zaro tushunishni ta’minlash maqsadida barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Asadbek Gafarov,

Legalmax Law Firm yuristi.

Mobil ilovaning grafik interfeysi — vizual dizayn, interfeys elementlari, ularning joylashuvi va stilistikasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan. Agar bezak original va yangilik alomatlariga ega bo‘lsa, u nafaqat mualliflik huquqi bo‘yicha, balki sanoat namunasi sifatida patent huquqi bo‘yicha ham himoya qilinishi mumkin.

Hatto patentsiz ham mualliflik huquqi himoyalanishi shart, ammo shuni tushunish muhimki, g‘oya yoki umumiy konsepsiya emas, balki aniq ifoda — vizual uslub, tuzilma va kod himoya ostiga olinadi.

Ilovaning funksionalligi o‘z-o‘zidan mualliflik huquqi bilan himoyalanmaydi.

Road24 holatida, boshqa mahsulot bilan bo‘lgan o‘xshashlik majburiy ravishda qoidabuzarlikni anglatmaydi. Qonunchilikka ko‘ra (“Mualliflik huquqi to‘g‘risida"gi qonunning 7-moddasi), asarni qayta ishlash yoki moslashtirish nusxa ko‘chirish emas, balki yangi, hosilaviy obyekt yaratish sifatida qaralishi mumkin. Muallifning roziligisiz va o‘zgarishsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirish qoidabuzarlik hisoblanadi.

Bunda mobil ilovalar kompleks tarzda himoyalanadi: interfeys tuzilishi, arxitekturasi, algoritmlari va vizual komponentlari bir butun holda muhofaza qilinadi. Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish shart emas, biroq sud nizosi yuzaga kelganda bu foydali bo‘ladi.

Bundan tashqari, agar haqiqatan ham original bo‘lsa, UX-dizayn, foydalanuvchi bilan o‘zaro bog‘liqlik mantig‘i va elementlarning joylashuvi ham mualliflik huquqi bilan himoyalanishi mumkin.

Qonun boshqalarning interfeysi, kodi yoki arxitekturasidan hatto davlat yoki “ijtimoiy ahamiyatli” loyihalar uchun ham huquq egasining roziligisiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi.

Raqobatning buzilishiga kelsak, amaldagi qonunchilik bozorda xususiy ishtirokchilar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlatning tijorat faoliyatida qatnashishini taqiqlaydi. Raqamli sohada Road24 ilovasi anchadan beri ishlamoqda.

Bundan tashqari, qonunga ko‘ra, davlat organlari bozorga kirishni o‘zlari nazorat qiladigan bo‘lsa — bu holda Ichki ishlar vazirligi API’siga kirish orqali — tijorat tuzilmalarini tashkil etishlari mumkin emas.

YHXX rasmiy vakillarining, garchi bilvosita bo‘lsa-da, boshqa ilovani raqobatchilar bilan taqqoslab targ‘ib qilayotgani ham shubha uyg‘otmoqda. Bu holat o‘z-o‘zidan halol raqobat tamoyillarining buzilishiga zamin yaratadi.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Shuhratbek Qurbonov,

Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) ning sobiq boshqaruvi raisi, Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi.

Aslida bu kabi ilovalar uchun ochiq API yaratish kerak, bu orqali kirish xavfsizligi talablarini nazorat qilish mumkin. Kim xohlasa ishlasin, ilova qanday nomlanishining nima farqi bor. Shu kabi ilovalardan o‘nlab bo‘lsin, mayli, lekin, qaysi biri yaxshi bo‘lsa, xalq ham o‘sha yerga boraveradi.

Ochig‘i, IIV va ishlab chiquvchi o‘rtasidagi munosabatlar darajasini bilmayman, lekin agar ilova IIV buyurtmasi (ular o‘zlarida reklama qilayotganiga qaraganda) asosida ishlab chiqilgan bo‘lsa, ilovalarni Google Play va App Store’ga ishlab chiquvchidan emas, balki o‘z sahifasidan (uni ochish qiyin emas) joylashtirishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Ishoning, bu orqali kelajakda hayotingizni anchagina yengillashtirasiz. Bu gap faqat IIVga taalluqli emas. Lekin bu ishlab chiqaruvchi kompaniyaning ishlanmasi va mulki bo‘lsa, u holda hech qanday savollar tug‘ilmaydi.

Road24 keysi IT-sohasida davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qanday qurilishini tushunishga yetarli bo‘ldi, deb o‘ylayman. Road24 vakillarining keskin munosabatiga qaraganda, ular o‘chirish haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqlardan bilib olishgan, vaholanki, yangi ilova ishga tushirilishi to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumot mart oyi boshidayoq YHXX kanalida e’lon qilingan edi.

Ochig‘i, kompaniyaning IIV (yoki YHXX) bilan hamkorligi nimaga asoslanganini bilmayman — qandaydir shartnoma bo‘lganmi, agar bo‘lsa, unda qanday kelishuvlar va majburiyatlar belgilangan. Bularsiz kimnidir biron nimada ayblash qiyin. Lekin, har qanday holatda ham odob-axloq qoidalari hech bo‘lmaganda hamkorlarni o‘zgarishlar haqida oldindan xabardor qilishni talab etadi.

Ammo haqiqat shundaki, bizda davlat organlari bilan har qanday o‘zaro munosabatlar qaror qabul qiluvchi odamlarga bog‘liq, shartnomalar esa ko‘pincha ahamiyatsiz bo‘ladi. Bugun mana bu menejer — ha, super, ochiqlik, kirish imkoniyati, innovatsiyalar. Ertaga boshqasi — kechirasiz, bu endi mumkin emas.

Ha, albatta, agar shartnoma bo‘lsa, sudga ham murojaat qilish mumkin, lekin bu davlat — g‘alaba qozongan taqdiringizda ham oxir-oqibat nima olishingiz noma’lum.

Bularni aytishdan maqsad shuki, Raqamli texnologiyalar vazirligi hukumat darajasida adolatli o‘yin qoidalarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqishi lozim. Bu qoidalar davlat (buyurtmachi sifatida), xususiy hamkorlar (ijrochilar sifatida) va eng muhimi — iste’molchilar manfaatlariga zarar yetkazmaydigan tarzda bo‘lishi kerak. Aks holda, biznes uchun har qanday loyiha xavfli o‘yinga aylanib qoladi. Xudo ko‘rsatmasin-u, bu rus ruletkasiga aylanib ketmasin.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Malik Karimov,

Korzinka supermarketlar tarmog‘i marketing direktori. Na begu Telegram-kanali muallifi.

Avvalo, Road24 mavjud bo‘lgan barcha yillar davomida bizda YHXXning o‘zidan rasmiy, qulay va funksional ilova yoki xizmat paydo bo‘lgani yo‘q.

Endi esa, yangi — ko‘rinishidan xuddi shunday xususiy — Safe Road ilovasi paydo bo‘lgach, DYHXX matbuot xizmati vakillari negadir bu haqda shunchaki ma’lumot berishni emas, balki “qat'iy” Road24 ilovasidan foydalanishni to‘xtatishga va “yangi” ilovani qo‘llashni qat’iy tavsiya etishga hamda ochiqchasiga tavsiya qilishga qaror qilishdi.

Menimcha, bu taxminan quyidagicha jaranglasa ancha o‘rinli va professional yondashilingan bo‘lardi: “Siz uchun ajoyib yangilik: endi sizda yana bir ilova mavjud, u orqali siz o‘z jarimalaringizni kuzatib borishingiz va YHXXning boshqa xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin”.

Safe Road ilovasini uning “targ‘iboti” boshlanishidan hamda u ishdan chiqib qolishidan bir necha kun oldin yuklab olish baxtiga muyassar bo‘lgandim.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Otabek Bakirov,

iqtisodchi, bakiroo Telegram-kanali muallifi.

Bu xuddi yangi hokim kelib hamma o‘rgangan bozorni buzishiga o‘xshaydi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan Safe Road ilovasi tavsiya va targ‘ib qilinmoqda. Hamma o‘rgangan Road24 endi ishlamas ekan. Road24 va YHXX o‘rtasidagi yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi batamom to‘xtatilibdi.

Bu xuddi yangi va qo‘ling o‘rgulsin zamonda hokimlar tayinlanishi bilan tadbirkor-u, aholi o‘rgangan eski bozorni buzdirib, yangisini qurdirish va yoqadimi, yo‘qmi, ixtiyoriy-majburiy ko‘chirishga o‘xshaydi.

Mayli, yangi bozor qurmoqchi bo‘lsang, unisi ham, bunisi ham ishlayversin, raqobat va tanlov bo‘lsin deydigan topilmaydi, afsuski (Qo‘yliq bozorining buzilishidan tortib, Denov va Uzungacha shu ahvol).

Hozir ham millionta e’tiroz bo‘layotgan yangi Safe Road ilovasiyam ishlayversin, Road24 ham ishlayversin, deydigan biron sog‘lom aql egasi topilmaganidan hayron bo‘lmang.

Agar aytaylik, Antikorrupsiya agentligi vazirlik va idoralarning “ilova yasash va ilova buyurtma qilish” kabi antiqa va ajoyib keyslariga e’tibor qaratishni boshlasa ham hayron bo‘lardim.


mobil ilova, munosabat, road24, safe road, yhxx

Akmal Payziyev,

MyTaxi, Express24, Workly, Maxtrack, IMPACT.T. asoschisi. Paiziev24 Telegram-kanali muallifi.

Road24 asoschisi Baxtiyor bilan men 2014-yili tanishganman. U o‘shanda Avstraliyadan endigina qaytgan edi. Uning fikrlari tiniqligi va energiyasini ko‘rib, MyTaxi’ga operatsion direktor lavozimiga taklif qilganman.

Baxtiyor — MyTaxi’ning rivojlanish yo‘nalishini o‘zgartirishimizga sababchi bo‘lgan insonlardan biri. Keyinchalik u Lamuz va Road24 loyihalarini ishga tushirdi. O‘zim O‘zbekistonda bo‘lganimda, YPXdan keladigan jarimalarni aynan Road24 orqali to‘lardim — juda qulay ilova.

Men Baxtiyorga bu juda riskli hamkorlik deb avval ham aytganman. Chunki davlat idorasi rahbari almashsa, bu xizmatga o‘zining yaqinlarini, jiyani yoki tanishini qo‘yishi tabiiy holdir. Bunday API’lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri YXHH orqali emas, balki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali taqdim etilishi va ochiq bo‘lishi (Public API) maqbulroq bo‘ladi.

IT Park Uzbekistan, Raqobatni qo‘mitasi va startaplar rivojiga befarq bo‘lmagan tashkilotlardan ushbu holatga e’tibor qaratishlarini so‘rab qolaman. Aks holda, O‘zbekiston Baxtiyordek ilg‘or tadbirkorni yo‘qotishi mumkin.