Buyuk Britaniya raqobat bo‘yicha apellyatsiya sudiga Google’ga qarshi 5 mlrd funt sterling ($6,6 mlrd) miqdorida jamoaviy da’vo arizasi kiritildi, deya xabar bermoqda CNBC telekanali.

Da’vo arizasida aytilishicha, kompaniya narxlarni oshirish maqsadida onlayn qidiruv sohasida “deyarli to‘liq ustunlik"ni suiiste’mol qilgan.

Ariza 2011-yil 1-yanvardan da’vo arizasi berilgan vaqtgacha Google reklama xizmatlaridan foydalangan Britaniya tashkilotlari nomidan monopoliyaga qarshi huquq bo‘yicha ekspert Or Bruk tomonidan berilgan.

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, kompaniya qidiruv sohasidagi raqobatni cheklash uchun bir qator choralar ko‘rgan, jumladan, smartfon ishlab chiqaruvchilari bilan Android qurilmalariga Google Search va Chrome’ni oldindan o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.

“Bugungi kunda Buyuk Britaniyaning katta va kichik korxonalari va tashkilotlari o‘z mahsulotlari va xizmatlarini reklama qilish uchun Google ads’dan foydalanishdan boshqa chorasi yo‘q”, — deya Brukning so‘zlarini keltiradi CNBC.

Brukning qo‘shimcha qilishicha, Google umumiy qidiruv va qidiruv reklamalari bozoridagi hukmronligidan foydalanib, reklama beruvchilardan yuqori narxlarni oladi.

Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, jamoaviy da’vodan maqsad Google’ni noqonuniy amaliyotlar uchun javobgarlikka tortish va britaniyalik reklama beruvchilar nomidan tovon puli talab qilishdir.


Avvalroq Spot Google Android smartfonlarini avtomatik qayta ishga tushirish funksiyasini qo‘shgani haqida yozgandi.

Kompaniya taqdim qilgan yangilanish bilan qurilma ketma-ket 3 kun davomida qulflangan holda qolsa, u avtomatik ravishda qayta ishga tushiriladi.