Yana ikkita xorijiy internet-kompaniyasi Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

15-aprel kuni moliya va biznes ma’lumotlari terminali, tahlil vositalari va yangiliklar tizimini taqdim etuvchi Amerikaning Bloomberg LP kompaniyasi O‘zbekistonda soliq hisobiga qo‘yildi.

Bundan tashqari, shu kuni qo‘mitada Reach ekvayring-platformasining Buyuk Britaniyadagi yuridik shaxsi With Reach UK Ltd ro‘yxatdan o‘tdi.

Hozirda ro‘yxatga Alibaba Cloud, eBay va OpenAI kabi onlayn xizmatlar sohasidagi 69 ta kompaniya kiritilgan.

2024-yilning kuzida O‘zbekiston fond bozori IT-infratuzilmasining Bloomberg bilan integratsiyasi yakunlandi. Terminal foydalanuvchilari uchun Toshkent fond birjasida aksiyalar va obligatsiyalar kotirovkalari hamda buyurtmalar kitoblari haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, platformaga Respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) ham ulandi.

Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar uchun soliqlar yangi tartibda undirilishi haqida xabar berilgandi. Xizmat ko‘rsatishda daromadlari 100 mln so‘mdan oshgan fuqarolarning soliqlari soliq agentining to‘lov manbaida avtomatik hisoblanadi.