Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarga haydovchiga yordam berish tizimlari reklamasida “aqlli haydash” va “avtonom haydash” kabi atamalardan foydalanishni taqiqladi, deb yozadi Tech in Asia.
Bundan tashqari, endi kompaniyalar sotilgan avtomobillarda haydash uchun dasturiy ta’minotni yangilashdan oldin regulyatorlarning roziligini olishlari kerak bo‘ladi.
Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi 60 ga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchilari vakillari bilan uchrashuvda yangilangan qoidalarni taqdim etdi, deya aniqlik kiritdi Reuters.
Agentlikning qayd etishicha, qoidalar Xiaomi kompaniyasining SU7 elektromobili ishtirokidagi halokatli YTHdan keyin qayta ko‘rib chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, avariya 2025-yil mart oyi oxirida Xitoyda sodir bo‘lgan. Sedan 116 km/soat tezlikda beton to‘siqqa uchib kirdi.
Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, YTHdan 20 daqiqadan kamroq vaqt oldin foydalanuvchi “Avtopilot navigatsiyasi” haydovchiga yordam rejimini yoqgan.
Tizim haydovchi “ehtimol, rulni ushlab turmayotgani” sababli bir necha ogohlantirish yuborgan va to‘qnashuvdan bir necha soniya oldin tezlikni pasaytira boshlagan.
Avariya haqidagi xabar tarqalgach, kompaniya aksiyalari 6%dan ko‘proqqa tushib ketgan.
Avvalroq Spot AQSh Xitoy uchun bojlarni 245%gacha oshirish bilan tahdid qilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Pekin AQShning tariflarni oshirishiga choralar ko‘rgani sababli mamlakat bojni yana oshirish bilan javob qaytarishni rejalashtirmoqda.